“Seni xotiningga xiyonat qilsang, u senga xiyonat qilmaydimi?””

“Seni xotiningga xiyonat qilsang, u senga xiyonat qilmaydimi?””

Bu oltmishlar atrofidagi odamni anchadan beri taniyman. Ko‘rsa o‘zini ko‘rmaganga solib oladi. Men bilan salomlashmaydiyam, gaplashmaydiyam, aniqrog‘i gaplasholmaydi. 

Chunki...   

U odam bilan birinchi marta tanishganimizga yigirma besh yillardan o‘tdi-yov. U vaqtda talaba edim. Soddagina. Shaharlararo avtobusga chiqdim, o‘qishga ketyapman, yonimga qirq yoshlar chamasidagi bitta “aka” joylashdi. Avtobus yo‘lga tushganda salom-alikni yig‘ishtirib birdaniga “tomdan tarasha tushirdi” u “aka”:

-Namoz o‘qiysanmi?-dedi boshimdagi do‘ppim, jiddiyroq kiyingan kiyimlarimga qarab, ensasi qotib.

-Ha-dedim qisqa qilib. Shu muomalasining o‘zidayoq “ha, senimi!?” deb qo‘ygandim. Qiliqlari g‘ashimga tega boshladi. Chunki u odam o‘z fahmida “zamondan orqada qolgan” bilan ketardi…

-Senlarda ayollar yetti qavat paxsani ichida o‘ltiradida-a?-dedi kulib. Javobga hojat yo‘q edi. Masharabozlikni davom ettirdi:

-Etti qavat paranji ham degin? -dedi yana ishshayib. Indamadim. Keyin o‘zicha kuyungannamo bo‘lib:

-Menga qaragin, nega shunaqasanlar-a? Yurmaysanmi mazza qilib, hayotdan bahra olmaysanmi!? Ich, kayf qil, mazza qil, o‘yna, kul, qizlar bilan yur, - deb allanimalarni rosa gapirdi. Meni birinchi “tugilgan mushtim” siqilgancha turgandi. 

-Aka, qayerda ishlaysiz?-dedim bir oz sayragandan keyin, mavzuni qayoqqa olib ketayotganligimni sezib qolmasligi uchun.

-Fabrikada.

-Ayolingiz-chi?

-U ham, axir bizda ayollar sizlardagi haligiday, paxsa ichida o‘ltirishmaydi-ku!-dedi yana iljayib, qo‘llarini girra qilib aylantirib.

-O‘zingiz aytganingizday, qizlar bilan yurarsiz?-dedim.

-Albatta-da! Nega yurmay!?-dedi ko‘zlari charaqlab.

-Ayolingiz bilib qolmaydimi? Axir bitta fabrikada ishlarkansiz, -dedim.

-Nimalar deyapsan? Men aqlli odamman, hammasining rejasini tuzib qo‘yganman. Oshqovoqmidim!? Atayi smenamizni boshqa-boshqa olib yuraman -dedi mamnun bo‘lib, og‘zining tanobi qochib.

-Men unga aytarmidim, yo bildirarmidim? O‘zim bilib ishimni qilib yuraveramanda! Bilib o‘ltiribdimi!?-dedi davomida kulib.

-U-chi, u?-dedim.

-Nima “U”?-dedi tushunmay.

-U ham aytarmidi, yo bildirarmidi? Bilib ishini qilib yuraveradi-da! Bilib o‘ltiribsizmi? Axir smenasini boshqa qilgan o‘zingizku?! - dedim kulib…

Gap uzilib, hangoma buzildi. Suhbatimizga nuqta qo‘ydik. To manzilimizga yetgunga qadar u odam yuzini men tomonga burolmadi. Shu-shu, hali gaplasholmaymiz…

Meni ko‘rsa, ko‘rmaganday o‘tib ketadi...


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!