Senator “Avtotest” bo‘yicha hukumat qarorini o‘zgartirishni so‘rab chiqdi

Senator “Avtotest” bo‘yicha hukumat qarorini o‘zgartirishni so‘rab chiqdi

Bundan bir necha oy avval, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Qodir Jo‘rayev, Rasul Kusherboyev, Qobil Nosirov hamda Akmal Umrzoqov avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha “Avtotest” MCHJning monopol huquqlarini bekor qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga murojaat bilan chiqqan edi.
 
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtarish chora tadbirlari to‘g‘risidagi” 139-sonli qarori bilan 23 fevral kuni O‘zbekistonda haydovchilarni tayyorlash va malakasini oshirish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Avtotest” innovasion avtomaktabining monopol huquqi bekor qilindi.
 
Shu kecha-kunduzda “Avtotest” MCHJning faoliyati yana senatorlar tomonidan muhokamaga qo‘yilmoqda. Jumladan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Senati a’zosi, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jayev ushbu masalaning ko‘z ilg‘amas, ammo o‘ta muhim jihatlariga e’tibor qaratdi. U bu safar fermer xo‘jaliklaridagi haydovchilar haq-huquqlarini himoya qilib chiqdi.
 
“Bir masala ko‘p sonli fermerlarimizning boshini gangitib qo‘ymoqda.
 
Gap shundaki, 2017 yil 4 sentyabrda Vazirlar Mahkamasining “Innovasion o‘qitish uslublarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 693-son qarori qabul qilingan edi. Ushbu qarorda 2018 yilning 1 yanvaridan yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar ikki yilda bir marta malaka oshirishga majburligi va ularga malaka oshirganligi to‘g‘risida “Avtotest Report” MCHJning sertifikati topshirilishi belgilangan edi.
 
Shundan so‘ng hukumatning mazkur qaroriga bir necha marta o‘zgarishlar kiritildi. Natijada yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilarning malakasini oshirish faoliyati tegishli lisenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan 2018 yilning 1 avgustidan boshlab amalga oshirilishi belgilangan.
 
Yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash, haydovchilarning bilimini oshirish va ularning yo‘l harakati qoidalariga rioya etish bo‘yicha mas’uliyati hamda javobgarligini oshirish maqsadida ularning malakasini oshirish katta ahamiyatga ega, albatta. Biroq masalaning yana bir jihati borki, u haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish har tomonlama foydalidir.
 
Bugungi kunda joylardagi o‘rganishlarda, internet tarmoqlarida, aholi bilan muloqotlar va ularning murojaatlarida yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilarning malakasini oshirish borasida o‘rnatilgan tartibning ijrosi bilan bog‘liq qator muammolar ko‘tarilmoqda. Xususan, hozir yurtimizda ro‘yxatdan o‘tib faoliyat yuritayotgan 303 ming 300 ta yuridik shaxs va 152 ming 689 ta fermer xo‘jaligi mavjud bo‘lib, ulardagi avtotransport vositalarini haydovchi vazifasida ishlovchi shaxslardan tashqari rahbarlari yoki xodimlari tomonidan ham haydovchilik guvohnomasi va ishonchnoma asosida boshqarilishi, avtotransportlardan tijorat, shu jumladan, yo‘lovchi va yuklarni tashish maqsadida foydalanilmasligi inobatga olinmagan.
 
Yoki yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar ikki yilda bir marta malaka oshirishga majburligi belgilangan bo‘lib, yo‘l harakati qoidalarini tez va muntazam o‘zgarmasligini inobatga olganda, malaka oshirish uchun qisqa muddat, ya’ni ikki yil belgilangan”.
 
Senator o‘z mulohazalarida ushbu qarorni yana qaytadan ko‘rib chiqishni, unda fermer xo‘jaliklari faoliyatini o‘rganib, ular avtomobillardan yuk, odam tashish va tijorat maqsadlarida foydalanmasligini aytarkan, qarorga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishda takliflarini kiritdi.
 
“Yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilarning malakasini oshirish tizimini tanqidiy o‘rganib, yanada takomillashtirish, shu jumladan, avtotransport vositasidan tijorat maqsadida foydalanmaydigan va haydovchi vazifasida ishlamaydigan xodimlarning malakasini oshirish masalasini qayta ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq.
 
Sababi, fermerlarimiz dalasida ayni ish qizigan bir mahalda, yig‘im-terim chog‘larida malaka oshiraman deb boy bergan bir soati ham hosilni yetishtirishda bir necha kunga kechikish, kutilgan hosilni ololmaslik kabi muammolarni keltirib chiqaradi.
 
Fermer — haydovchi bo‘lmasa, mashinadan esa o‘z xo‘jaligida foydalansa, u nega malaka oshirishi kerak? Dehqon va fermer dalasida ishlasinmi yoki malaka oshirsin? Bu masala nega e’tiborga olinmagan?
 
Bizningcha, o‘rmonga o‘t qo‘yib, ho‘lu quruqning birday yonib, kul bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak...”, deydi Farrux Dadaxo‘jayev.
 
Qiziq, hukumat senatorning ushbu chiqishini inobatga oladimi? Qarorga yana o‘zgartish kiritiladimi?

Manba: qalampir.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!