Sardoba qurbon bo‘lgan qahramonning rafiqasi: "O‘sha kuni g‘alati tush ko‘rgandim"

Sardoba qurbon bo‘lgan qahramonning rafiqasi: "O‘sha kuni g‘alati tush ko‘rgandim"

Oldinroq Sardoba falokatida mardlarcha halok bo‘lgan Sirdaryo viloyati, Sirdaryo shahar Milliy gvardiyasi xodimi Husniddin Suyarovning onasining o‘g‘li haqidagi xotiralarini e’tiboringizga taqdim etgandik. Jurnalist Gulruh Yormatova marhum qahramonimizning rafiqasi Nozimaxon SUYAROVA bilan ham suhbatlashdi.

“MENGA  ATIRGUL SOVG‘A QILISHNI YAXSHI KO‘RARDI”

Haligacha ishonolmayapman. Sog‘inchdan yurak-bag‘rim o‘rtanib ketyapti. Endi qanday yashayman, dadasini so‘ragan qizlarimga nima deyman?! Katta qizim hozir to‘rt yoshda. Har kuni dadasini so‘rayapti. Nega dadam kelmayapti, degan so‘roqlaridan yuragim ezilib ketyapti. Shu yilning 18 mart kuni ikkinchi qizim tug‘ilgandi. Turmush o‘rtog‘im rosa quvongandi. Xudoga shukr, deya ismini ham Shukrona qo‘ydi. Ba’zi erkaklarga o‘xshab, “Ikkita qiz bo‘ldi, nega o‘g‘il emas”, — deb noshukrlik qilmasdi. Har safar  ishdan uyga qo‘ng‘iroq qilganda “Farishtalarim, yaxshi o‘tiribsizlarmi?”, — derdi. Birga yashayotganimzga yaqinda besh yil to‘ladi. Ana shu yillar davomida u kishi  biror marta menga qattiq gapirmagandi. Har doim shirinso‘z, mehribon va jonkuyar edi. Ishini, oilasini juda-juda yaxshi ko‘rardi. Meni  qattiq avaylardi. Ba’zan ota-onam ham meni bu qadar erkalatib katta qilmagan bo‘lsa kerak, deb o‘ylab qolardim. Oilada kenja va erka farzand edim. Lekin turmush qurgach, yanada baxtiyor yashadim. Menga tez-tez atirgul sovg‘a qilib turardi. “Bugun bayram emas-ku”, —  desam, “Sen bilan yashayotganimning o‘zi bayram”, — derdi. Ishdan charchab kelsa-da, “Sizlar uyda o‘tirib, zerikib qoldinglar, aylantirib kelaman”, — deya qo‘yarda-qo‘ymay istirohat bog‘lariga olib chiqardi.

Toshqin bo‘lishidan sal oldin Sirdaryo viloyatida ish boshlagandi. Ungacha Anijonda ishlaganlari uchun o‘sha yoqda yashadik. Juda boshqacha inson edilar. Mehribon, shirinso‘z, rahmdil. Hammaga yaxshilik qilardi, qaynukalarimga ham qo‘lingdan kelgancha  odamlarga yaxshilik qil, derdi. Ishi ko‘p bo‘lsa-da, yaqinlarining holidan xabardor bo‘lib turardi. Kimdir kasal bo‘lib, pul kerak bo‘lib qolsa oxirgi tiyinigacha  berardi. Men hayotimda bu qadar yaxshi insonni ko‘rmaganman. Ko‘rmasam ham kerak. Doim ish bilan band bo‘lsa-da, hatto mening ota-onamdan ham xabar olishni kanda qilmasdi. Ota-onam “Bitta o‘g‘limiz ikkita bo‘ldi”, — deb suyunishgandi. Afsus, ming afsus...

“G‘ALATI TUSh KO‘RDIM”

30 aprel kuni ishga ketishidan oldin har doimgidek hammamizni bir-bir bag‘riga bosdi. “O‘zlaringni ehtiyot qilinglar”, — deb qayta-qayta tayinladi.  Ishga borgach ham kechki payt qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvol so‘radi. Shu bizning oxirgi gaplashishimiz bo‘ldi. Ertasi kuni esa toshqin haqida eshitib, darhol xo‘jayinimga qo‘ng‘iroq qildim. Ammo javob bermadi. Talofat joyiga jo‘natildi, deb eshitdim. Yuragimda qo‘rquv bilan kuta boshladim. Telefonimni qo‘limdan qo‘ymasdim. O‘sha kuni g‘alati tush ko‘rdim. Tushimda butun dunyo ostin-ustun bo‘lib kelayotgan emish. Men turmush o‘rtog‘im bilan patir non yeb o‘tirgan emishmiz. Judayam shirin emish. To‘yib-to‘yib yebmiz. Shundan so‘ng turmush o‘rtog‘im “Endi sen ketaver, men ortingdan boraman”, — debdi. Men hayron  bo‘lib, “Siz ham biz bilan yuring”, — desam u kishi “Yo‘q, keyinroq boraman, sen ketaver”, — deya ortimdan termilib  qolibdi. Qo‘rqib uyg‘onib ketdim. Qaynonamga qo‘ng‘iroq qilib, tushimni aytdim. Yaxshilikka yo‘ydik. Ammo ming afsuski, yaxshilikka yo‘yilgan tushlarim o‘ngidan kelmadi. 3 may kuni soat kunduzgi 11 larda mudhish xabarni eshitib, o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim...

QUTQARGAN   INSONLARI   YO‘QLAB   KELDI

O‘shanda turmush o‘rtog‘im suv eng ko‘p talofat yetkazgan hududga borgan ekan. Juda ko‘p odamlarni qutqaribdi. O‘sha odamlar ta’ziya kuni yo‘qlab kelishdi. Kap-katta bir odam dod deb yig‘ladi. “Mana bu yolg‘izgina o‘g‘limni eringiz qutqardi”, — deb yonidagi 16 yoshlardagi bolani ko‘rsatdi. Bola ham duv-duv yig‘lardi.  Undan turmush o‘rtog‘im haqida so‘ragim keldi. Ammo bola  falokatdan qattiq qo‘rqqani uchun gapirolmay qolgan ekan.  Turmush o‘rtog‘imning yonida uchta hamkasbi ham bor ekan. Ulardan ikkitasi omon qoldi. Bittasi hanuzgacha bedarak. Bilishimcha, erim o‘sha falokat kuni o‘zini ayamay odamlarni qutqarishga harakat qilibdi. Oxirida o‘z jonini qutqarolmay qolibdi, sho‘rlik. Ko‘z oldimga keltirsam, hamon yig‘idan o‘zimni to‘xtatolmayman. Turmush o‘rtog‘im shu qadar yaxshi ekanki, u kishini so‘nggi yo‘lga kuzatayotganimizda hatto qo‘shnilarimiz ham ko‘z yoshlarini to‘xtatolmadi. Bir qo‘shni ayol “Erimning yig‘laganini hecham ko‘rmagandim, turmush o‘rtog‘ingizni vafotini eshitib, o‘kirib-o‘kirib yig‘ladi”, — dedi. Ey-voh, shunchalar yaxshi bo‘ladimi odam! Bir oygina malaka oshirishda o‘qigan edilar. Hatto birga o‘qigan kursdoshlari ham yo‘qlab keldi. Shu qisqa umrida shunchalik ko‘p odamning mehrini qozongan ekan turmush o‘rtog‘im....


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!