Rossiya Qora dengiz floti Novorossiyskdan evakuasiya qilindi

Rossiya Qora dengiz floti Novorossiyskdan evakuasiya qilindi

Rossiya Qora dengiz floti Ukraina Qurolli Kuchlarining uzoq masofali raketa zarbalari ehtimoli tufayli Novorossiyskdan evakuasiya qilindi. Bu haqda OSINT tahlilchisi ma’lum qildi.

"Bu Ukraina aviasiyasidan kelayotgan tahdidlar hamda Storm Shadow raketalarining Rossiya hududida qo‘llanilishi mumkinligiga tayyotgarlik bo‘lishi mumkin. Bugun Rossiya harbiy-dengiz kuchlari Novorossiyskni evakuasiya qilishni yakunlagan ko‘rinadi", —deb yozadi harbiy tahlilchi H.I.Satton X ijtimoiy tarmog‘ida. U o‘z xabariga bo‘sh port tasvirlangan sun’iy yo‘ldosh tasvirini ilova qilgan.

Bir kun oldin Reuters agentligi yevropalik diplomatik manbalariga tayangan holda Kiyev Rossiyadagi uzoq masofali raketalar bilan hujum qilmoqchi bo‘lgan nishonlar ro‘yxatini Vashington va Londonga topshirgani haqida xabar bergan edi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ro‘yxatga qo‘mondonlik markazlari, yoqilg‘i va qurol-yarog‘ omborlari, shuningdek, harbiylar to‘plangan joylar kiritilgan. Ukraina harbiylari, shuningdek, Amerikaning ATACMS, Buyuk Britaniyaning Storm Shadow va Fransiyaning SCALP raketalaridan foydalanishni kutishmoqda.

Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) ma’lumotlariga ko‘ra, agar ATACMS yoki Storm Shadow'dan foydalanish bo‘yicha cheklovlar bekor qilinsa, Rostov, Voronej, Belgorod, Kursk, Bryansk, Oryol, Lipetsk, Tambov va Kaluga viloyatlari xavf ostida qoladi. Umuman olganda, Rossiya Federasiyasida 245 ta harbiy ob’ekt hujum nishoni bo‘lishi mumkin. Ulardan faqat 16 tasi (yoki 6,5%) havo bazalari, qolganlari Rossiya brigadalari, shtab-kvartiralari, qo‘mondonlik punktlari va harbiy zavodlarning bazalaridir. Shu tariqa, Novorossiyskdagi harbiy-dengiz bazasi, Krasnodar o‘lkasidagi harbiy aerodromlar, Shaykovkadagi aviabazalar va boshqa bir qancha yirik harbiy ob’ektlar raketa hujumiga uchrashi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!