Qanday poyabzallar salomatlikka ziyon yetkazmaydi? (davomi)

Qanday poyabzallar salomatlikka ziyon yetkazmaydi?  (davomi)

Go‘zallik muhimmi yoki salomatlik? Aslida har ikkisining o‘rni ham, qadri ham bo‘lak. Biroq joziba, ko‘rk va moda ortidan quvib, sog‘likni qurbon qilish — yanglish tanlov.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov poyabzal tanlashda e’tibor qaratish joiz bo‘lgan jihatlar va buning salomatlikka ta’siri haqida so‘zlab berdi.

— Ba’zi noqulay oyoq kiyimlar qisqa vaqtda o‘z asoratlarini ko‘rsatsa, ayrimlari vaqt o‘tishi bilan salbiy alomatlarini namoyon qiladi, — deydi mutaxassis. — Shunday ekan, poyabzal xarid qilishda mulohazakorlik shart.

Odatda, kundalik ish faoliyati uchun poshnasi 2-4 santimetr bo‘lgan oyoq kiyimlar tavsiya etiladi. Ular juda tor ham, keng ham bo‘lmasligi shart.

Ba’zilar oyog‘ini siqib tursa-da, “vaqt o‘tgach kengayadi”, degan fikrda tor poyabzallarni tanlaydi. Bu ham to‘g‘ri qaror emas! Chunki oyoqlarning zararlanishi uchun, yuqorida aytganimizdek, qisqa vaqt kifoya.

O‘z navbatida, oyoq ichida “o‘ynab qoladigan” keng poyabzallar ham zararli. Ulardan foydalanish bora-bora turli yallig‘lanishlar, mushaklarning doimiy zo‘riqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

‼️Oyoq kiyim tagliklari birmuncha yumshoq va egiluvchan bo‘lgani durust. Bu mahsulot sifatli ekanligini ham anglatadi. Muhimi, oyoqni toliqtirmaydi va zo‘riqtirmaydi.

Tagi yupqa poyabzal esa ma’lum vaqt oralig‘ida tekis yuza, masalan, polda yurish uchun mo‘ljallangan. Qolaversa, oyoq kiyim ichida barmoqlarni qimirlatish uchun bo‘sh joy qolishi maqsadga muvofiq.

Ertalab — yangi poyabzal sotib olish uchun maqbul payt emas. Chunki kun davomida harakatlangach, kechga borib oyoqlar biroz shishadi. Natijada tanlangan tufli, botinka, etik yoki krossovka oyog‘ingizni siqishi mumkin.

Shuningdek, do‘konda bir poy poyabzalni kiyib, “loyiq ekan” deb xulosa qilishga shoshilmaslik kerak. Har ikki poyini kiygach, biroz yurib, harakatlanib, so‘ng xaridni amalga oshirgan ma’qul.

Laklangan, sun’iy charmdan ishlangan va havo o‘tkazmaydigan matolardan tikilgan oyoq kiymilarni issiq mavsumda kiyish tavsiya etilmaydi. Bu zamburug‘li xastaliklar paydo bo‘lishiga olib keladi.

Qolaversa, kun davomida ko‘p piyoda yuruvchilar qulay, sport uslubidagi poyabzallarni kiyganlari foydali.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!