Prigojinning maxfiy operasiyalari ma’lum bo‘ldi

Prigojinning maxfiy operasiyalari ma’lum bo‘ldi

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin o‘zining Afrika biznesi doirasidagi to‘lovlarni amalga oshirish uchun Amerikaning JPMorgan Chase va Britaniyaning HSBC banklaridan yashirincha foydalangani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Vashingtondagi Ilg‘or mudofaa tadqiqotlari markazi (C4ADS) qo‘liga tushgan hujjatlar sizib chiqishida aytilgan. Ushbu ma’lumotga Financial Times gazetasi e’tibor qaratdi.

Hisobotdan ma’lum bo‘lishicha, 2017 yil avgust oyida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining niqobi bo‘lib xizmat qilgan va Prigojin nazoratida bo‘lgan Sudanning "Meroe Gold" kon qazish kompaniyasi Xitoyning "Henan Liming" kompaniyasidan 688 ming AQSh dollari qiymatidagi uskunalarni sotib olgan. Oraliq to‘lov Nyu-Yorkdagi "JPMorgan Chase" banki orqali amalga oshirilgan.

O‘sha yilning sentyabr oyida "Meroe Gold" Xitoyning "AGG Power Technology" kompaniyasidan qariyb 80 ming AQSh dollari miqdorida generatorlar va ehtiyot qismlar xarid qildi. Mazkur to‘lov dastlab "JPMorgan Chase" banki orqali, so‘ngra HSBC guruhiga tegishli bo‘lgan Gonkongning "Hang Seng Bank"i orqali amalga oshirilgan.

FT'ning ta’kidlashicha, bu banklar to‘lovlarning kelib chiqishi haqida bilganligi to‘g‘risida hech qanday dalil mavjud emas. HSBC Sudandagi aniq tranzaksiyalar haqida jurnalistlarga izoh berishdan bosh tortdi, biroq bank «moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashishga va jahon moliya tizimining yaxlitligini ta’minlashga chuqur sadoqat bildirganini» qo‘shimcha qildi. JPMorgan vakillari tekshiruv o‘tkazganliklarini, ammo tegishli tranzaksiyalar haqida hech qanday qayd topa olmaganliklarini ma’lum qilishdi.

Evgeniy Prigojin 2016 yildan, Vagner XHK esa 2017 yildan beri AQSh sanksiyalari ostida bo‘lgan. Meroe Gold 2018 yilda «Prigojinga tegishli yoki uni nazorat qiladi» va unga «Sudanning tabiiy resurslaridan shaxsiy manfaatlar uchun foydalanishga» yordam beradi, degan so‘z bilan AQSh sanksiyalari ostida qolgan.

C4ADS hisobotida qayd etilishicha, Prigojin va «Vagner» XHK tuzilmalari ham noqonuniy sxemalardan, ham jahon moliya tizimi va logistika tarmoqlariga integrasiyalashuvdan foydalangan holda Afrikada mustahkam o‘rnashib olishga muvaffaq bo‘lgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!