«Paxtakor» portugaliyalik yangi bosh murabbiyini tanishtirdi
Maksim Shaskix ham klub tizimida qoladi.
Portugaliyalik mutaxassis Pedro Moreyra Toshkentning «Paxtakor» klubida yangi bosh murabbiy sifatida ish boshladi. Bu haqda klubning keyingi rejalari bo‘yicha matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Yangi bosh murabbiy bilan 1+1 sxemasida shartnoma imzolangan. Unga 4 nafar hamyurti assistentlik qiladi.
Anjumanda ishtirok etgan klub raisi Jahongir Ortiqxo‘jayev so‘nggi mavsumlarda jamoaga ustozlik qilib kelgan Maksim Shaskix endi klub raisi maslahatchisi sifatida ishlashda davom etishini ma’lum qilgan.
«Shaskix klubdan ketgani yo‘q. Qatorasiga ikkita chempionlik uchun unga rahmat aytamiz. Bu mavsumda chempionlik maqsadi qo‘ymagandik. U direktorlar kengashida menga maslahatchi bo‘lib qoladi. Yangi murabbiy bilan esa 1+1 ko‘rinishida shartnoma tuzdik va chempionlik vazifasini qo‘ydik.
Yangi murabbiyning shartnomasida maoshi ochiqlanmasligi haqida band bor. Qancha bo‘lsa ham, halollab olsin. Yangi murabbiyning ishiga hech kim aralashmasligi kerak. Uni o‘zbeklashtirib, 1 haftadan keyin choyxonadan chiqmaydigan qilib qo‘ymasligimiz kerak», degan u.
U jamoa to‘purar hujumchisi Dragan Cheranga javob berilishini ma’lum qilgan. Ushbu 37 yoshli serbiyalik futbolchi jamoada 2018 yildan buyon to‘p surib kelayotgandi va 151 o‘yinda maydonga tushib, 99 gol urgandi.
«Cheranga maslahatim — faoliyatini yakunlab, murabbiylik qilsin. U 38 yoshda va bizning talablarimizga javob bermaydi, kelasi mavsum uchun rejalarimizda yo‘q. Cheraning muxlislar bilan xayrlashuvi? O‘zi futbolga atigi 500 nafar muxlis keladi-yu», deydi klub raisi.
Shuningdek, Jahongir Ortiqxo‘jayevning aytishicha, kelgusi yil bahordan «Paxtakor» stadioni rekonstruksiyasi boshlanadi. FIFA standartlariga mos bo‘ladi.
Pedro Moreyra «klubning loyihasi unga ma’qul kelganini ta’kidlab, jamoaga yangi uslub va g‘oyalar olib kirmoqchi ekanini ta’kidlagan.
«G‘oyalarim va falsafam Paxtakor bilan mos keldi. Har bir o‘yinda g‘alaba qozonish uchun mehnat qilamiz. Maqsadimiz — Elit OCHLga qaytish. Jamoaga o‘z g‘oyalarim bilan yordam berishni istayman. Maydonda hamma narsani o‘yinchilar hal qiladi. Albatta, chempionlik uchun kurashamiz», degan u.