Mahalla raisiga tahdid: "Yo o‘n ikki million berasan, yoki qamatib yuboraman"

Mahalla raisiga tahdid: "Yo o‘n ikki million berasan, yoki qamatib yuboraman"

Xalqimiz tuhmat toshni yoradi, toshni yormasa, boshni yoradi, deb bejizga aytmagan. Haqiqatan ham, hayotda xusumat, bo‘hton, tuhmat — eng og‘ir illatlardan sanaladi. Kimningdir xusumati tufayli aybsiz odamning asablari qaqshaydi. Bo‘hton bo‘roniga duchor, tuhmat toshiga nishon bo‘lgan odam haqiqat yuzaga chiqquniga qadar el orasida boshi egiladi, aziyat chekadi. Bunday illatlar odamlarning tinchligi va osoyishtaligini buzish bilan birga jamiyat hayotiga soya tashlashi bilan ham o‘ta xavflidir.

Shu o‘rinda hayo­tiy misollarga e’­tibor qaratsak, Mamadiyor Safarov (ism-shariflar o‘zgartirildi) 2013 yilning may oyida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqa­rish organlari saylovida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi vazifasiga saylangandi. U uch yil ushbu lavozimda faoliyat yuritdi.

Keyingi gal — 2016 yil may oyida mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga uch nafar kishining nomzodi qo‘yildi. Ular orasida oliy ma’lumotli o‘qituvchi Bahrom Alimovning ham nomzodi bor edi.

Saylovchi vakillar uch nomzod orasidan B. Alimovga ko‘p ovoz berishgan ekan, shu sababli u mahalla raisi lavozimini egallaydi.

Bahrom Alimovga saylovchi vakillar ko‘proq ishonch bildirganining boshqa tomoni ham yo‘q emasdi. Chunki zamon o‘zgardi, mahallaning faoliyati tubdan kengaydi. Endilikda o‘rta yoki o‘rta maxsus ma’lumotli emas, balki oliy ma’lumotli, xalq ishonchini oqlay oladigan, tajribali, bilimdon rahbar mahallaga bosh bo‘lishini hayotning o‘zi taqoza etmoqda.

Albatta, bu mas’uliyatni chu­­qur his etgan B. Alimov yelib-yugurib ishladi. Bu orada vaqt o‘tib, yana o‘zini o‘zi boshqarish organlari saylovi muddati yaqinlashayotgandi. Aniqrog‘i, 2019 yilning may oyida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi saylovchi vakillar tomonidan saylanishi lozim edi.

Saylovga bir oy muddat qolganda sobiq rais Mamadiyor Safarov Bahrom Alimovga kelib uchrashadi va kutilmaganda, g‘alati talabni qo‘yadi:

— Bu safar sen mahalla raisligiga nomzodingni qo‘y­­maysan!

B. Alimov, tabiiyki, bu­ni eshitib, hayron qoladi va sababini so‘raydi.

— Nomzodingni qo‘yma, dedimmi, qo‘yma, bir safar o‘t­kazib yubor, odamlar sendan norozi bo‘lyapti, — deydi M. Safarov.

B. Alimov uning bu gapini eshitib, battar hayrati ortadi, «odamlar norozi bo‘l­sa, bundan birinchi navbatda, o‘zim xabar topishim kerak edi-ku?!» — degan o‘y ko‘nglidan o‘tadi. Shuning uchun u «xalq qayta saylasa, ishlayveraman» deya javob beradi.

M. Safarov angladiki, B. Alimov otdan tushsa ham, egardan tushadigan emas. Shu bois, u saylov muddati kelguniga qadar otni qamchilashga tushadi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi B. Alimovning ustidan huquqni muhofaza qi­luvchi organlarga shi­koyat­ xatlari yozadi. Viloyat hokimligi «Ishonch telefoni»ga xabar jo‘natadi.

Shikoyat xatlarida mahalla hududidagi tuman hokimligi zaxira yerlarini B. Alimov fuqarolarga sotgani, o‘qituvchi bo‘la turib, maktabda o‘quvchilarga dars bermayotgani, mahalla fuqarolarining uy-joy kadastr hujjatlarini tayyorlashda har bir xonadon egasidan 200 AQSh dollardan olgani singari bo‘hton va tuhmatdan iborat dalillarni bayon etadi.

Bu tuhmatlarni eshitib, B. Alimovning asablari qaq­shaydi va Mamadiyor Safarovga uchrashib, nima maqsadda ustidan yolg‘on arizalar yozayotganining sababini so‘­raydi.

— Sen mahalla raisligidan bo‘shashing kerak, — deydi M. Safarov bezbetlarcha. — Ana shunda shikoyat yozish to‘xtatiladi.

B. Alimov bu gal ham M. Safarovning talabiga «ha» yoki «yo‘q» deb javob bermaydi. May oyi kelgach, saylov bo‘­lib o‘tadi. Saylovda yetmish besh foiz ovoz bilan Bahrom Alimov yana mahalla fuqarolar yig‘ini raisi etib saylanadi.

O‘shanda 2019 yilning 4 dekabri, B. Alimov maktabda edi. Mahallada yashovchi Abdug‘ani Ergashev uni izlab keladi.

— Meni Mamadiyor aka jo‘­natdi, — deydi u. — Sizni u kishi bilan yarashtirib qo‘y­moqchiman.

— Mayli, yarashaman, buning uchun nima qilishim kerak? — deb so‘raydi B. Alimov.

Shundan so‘ng A. Ergashev maqsad-muddaoga o‘tadi: M. Safarovga pul berishi kerak ekan, o‘shanda shikoyat yozishni to‘xtatarmish.

B. Alimov, tabiiyki, qancha pul berishi kerakligini so‘­raydi. A. Ergashev esa, M. Safarov bilan gaplashib, natijasini ma’lum qilishini aytadi.

Oradan bir kun o‘tgach, A. Ergashev Bahromga qo‘ng‘iroq qiladi.

— Agar 12 million so‘m bersangiz, yarashtirib qo‘ya­man, sizni boshqa bezovta qil­maydi, ariza yozmaydi, yozgan arizalarini ham qaytarib oladi, — deydi u. — Agar pulni to‘liq bermasangiz, ishdan oldirib, qamatib yuboradi…

B. Alimov buncha puli yo‘q ekanini aytib, «o‘ylab ko‘­ray» deya javob beradi.

Ertasi kuni A. Ergashev yana qo‘ng‘iroq qilganda, B. Alimov «ustimdan ariza yozishni to‘xtatsa, mayli, 6 million so‘m beraman», deydi.

Xullas, ertasi kuni A. Ergashev B. Alimovga qo‘ng‘iroq qilib, 6 million so‘m ustiga yana 1 million so‘m qo‘shishi lozimligini aytadi.

B. Alimov ular so‘ragan 7 million so‘mni berishga va’da qiladi.

M. Safarov shikoyat arizalari bo‘hton va tuhmatdan iboratligi tufayli biron-bir natija chiqmayotgani sababli A. Ergashevni o‘ziga sherik qilib olgan va tovlamachilik yo‘li bilan jinoiy daromad topishni ko‘zlagan edi. 11 dekabr kuni ertalab B. Alimov bir million so‘m pul bilan A. Ergashevning hovlisiga kirib boradi. U pulni A. Ergashevga berayotib, «bu yerda bir million so‘m, qolganini bir-ikki kunda topib beraman», deydi.

A. Ergashev esa, darhol M. Safarovga qo‘ng‘iroq qilib, «Bahrom menga kelishilgan puldan bir million so‘mini olib keldi, qolganini bir-ikki kunda berarkan», — deya uni xabardor qiladi.

— Mayli, — javob qaytaradi narigi tomondan M. Safarov.

Bahrom Alimov o‘zining qo‘l telefoni diktofoniga tovlamachilar o‘rtasida bo‘lib o‘t­gan ana shu suhbatni yozib olgan edi.

Shundan so‘ng u tegishli idoraga ariza bilan murojaat qilib, diktofonga yozib olingan suhbatni ham taqdim etadi.

Departament xodimlari tomonidan ariza yuzasidan xolislar ishtirokida jami 6 million so‘m pul tayyorlanadi. Pullardan o‘n dona 10 ming so‘mlik kupyuradagi pullarga kimyoviy ishlov berilib, tegishli tartibda hujjatlashtiriladi.

Voqeaning bu yog‘ini eshitadigan bo‘lsangiz, B. Alimov A. Ergashevga telefon qilib, Mamadiyor aka bilan birga uchalasi oshxonada o‘tirib, ovqatlanishsa, pulning qolganini o‘sha yerda berish niyatida ekanini aytadi. Shundan so‘ng 14 dekabr kuni soat 16. 30 larda A. Ergashev uni «Oltin ba­liq» oshxonasiga taklif etadi.

Ammo oshxonada B. Alimovni A. Ergashevning yolg‘iz o‘zi kutib oladi.

U M. Safarov kelmasligi, barcha ishni o‘zi hal qilishini aytadi.

Qisqasi, A. Ergashev harom luqma — 6 million so‘mni olgan chog‘ida daliliy ashyo bilan qo‘lga tushadi.

Ushbu jinoyat ishini sudda mazmunan ko‘rish jarayonida jabrlanuvchi B. Alimov sudlanuvchi M. Safarov hamda A. Ergashevlar bilan bir qishloqda yashashi va hatto qarindoshlik rishtalari bor ekanini aytib, ularga nisbatan da’vosi yo‘q ekanini bildirdi.

Sud dastlabki tergov or­gani tomonidan sudlanuvchilar M. Safarov va A. Ergashevning bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib, pul talab qilishda ifodalangan jinoiy harakatlarini Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan to‘g‘­ri malakalangan deb hisobladi.

Sud har ikkala sudlanuvchiga nisbatan jazo tayinlashda ayblariga qisman iqrorligi, qilmishlaridan chin ko‘n­gildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmagani va jabrlanuvchining da’vosi yo‘q­li­gini inobatga oldi. Oliy sud Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi «Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida»gi 1-sonli qarorida ko‘rsatilgan rahbariy tushuntirishlariga amal qildi. Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘l­lab, aybdor deb topilayotgan moddaning sanksiyasida nazarda tutilmagan boshqa turdagi yengilroq jazo tayinlashni maqsadga muvofiq deb hisobladi.

Sud sudlanuvchi M. Safarov va A. Ergashevni Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «v» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor, deb topib, to‘rt yildan ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.

Xulosa qilib aytganda, xusumat va tuhmat yuqorida guvohi bo‘lganimizdek, tovlamachilik jinoyatiga yo‘l ochdi. Bundan jabrlanuvchi aziyat chekdi, albatta. Biroq qonunlarimiz uni himoya qildi. Tovlamachilar sudning qora kursisida o‘tirib, qilmishlari uchun javob berishdi.

Temur ALMAMATOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

 Kattaqo‘rg‘on tumani sudining raisi

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!