Jurnalistlarga jazoni kuchaytirish kerakmi? Allamjonov javob berdi

Jurnalistlarga jazoni kuchaytirish kerakmi? Allamjonov javob berdi

15 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Oliy sud bilan hamkorlikda Sud organlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish mavzusida davra suhbati o‘tgani haqida xabar berilgandi.

Xabar.uz ga ko‘ra, tadbirda sud organlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish yuzasidan o‘z taklif mulohazalarini bildirar ekan, bir huquqni muhofaza qilish idorasi gazetasi xodimi bo‘lgan jurnalist xatoga yo‘l qo‘ygan ommaviy axborot xodimlari nisbatan jazo choralarini kuchaytirishni taklif qildi.

Taklif yoqsa-yoqmasa, buyam bir fikr-da. Fikrga qarab uning egasi salohiyatini tasavvur qilaverasiz. Mayli, gap bunda emas. Gap unga qanday munosabat bildirilganida. Tadbir qatnashchilarining aksariyati taklifdan peshonasi tirishib turganda agentlik rahbari Komil Allamjonov bosiqlik bilan shunday dedi: Jurnalistlarga uzoq vaqt davomida erkinlik berilmaganda edi, hozir jazo bersak bo‘lar edi. Hozir saytlarimiz, gazetalarimiz tanqid qilishgani, boshqacharoq aytganda chaqib, chaqib olishlari ortidan ijobiy ishlar ko‘zga tashlanyapti.

Biz endi matbuotga yo‘l ochyapmiz. Shu paytda ularni jazolash masalasiga kelsak, kechirasiz-u qonunda hammasi yozib qo‘yilgan... Jurnalistlar erkin ishlashi kerak. Uning ijod erkinligi mavjud. Uni yoz, buni yoz deyishga hech kimning haqqi yo‘q. Buni o‘zining tahririyat siyosatiga qarab belgilayveradi. Yana bir bor aytaman: erkin so‘z, bemalol gapiring, tanqid qiling, qo‘rqmang, lekin har bir gapingizga mas’uliyatni his qiling. Butun jahonda shunday .


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!