Isroilning G‘azoga uyushtirgan hujumlarida 24 ming nafardan ortiq falastinlik ayollar va bolalar halok bo‘ldi

Isroilning G‘azoga uyushtirgan hujumlarida 24 ming nafardan ortiq falastinlik ayollar va bolalar halok bo‘ldi

Isroil armiyasi so‘nggi 6 oyda G‘azo va G‘arbiy Sohilda sodir etgan harbiy harakatlarda 24 ming nafardan ortiq ayollar va bolalar halok bo‘ldi. Bu haqda Anadolu nashri xabar berdi.

Manbada aytilishicha, Isroil armiyasi 2023 yil 7 oktyabrdan beri G‘azo sektorida 2922 ta hujum sodir etgan. Fuqarolarga ommaviy o‘q uzish holatlari sodir etilgan.

Jami 14500 nafar bola va 9560 nafar ayol halok bo‘lgan, 7000 kishi vayronalar ostida qolgan yoki bedarak yo‘qolgan. 75 577 kishi jarohatlangani ma’lum qilingan.

G‘azoda Isroil hujumlariga duchor bo‘lganlarning 73 foizini ayollar va bolalar tashkil etgan. 17 ming bola ota-onasidan ajralgani aytilgan.

Hududda ocharchilikdan vafot etish odatiy holga aylangan. 3 kunda 30 nafar bola to‘yib ovqatlanmaslikdan vafot etgan.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, G‘azoda qirg‘in boshlangandan beri 484 nafar mahalliy tibbiyot xodimi, 140 nafar jurnalist va 65 nafar fuqaro muhofazasi xodimi halok bo‘lgan. Og‘ir ahvoldagi va xorijda davolanishga muhtoj bo‘lgan aholi soni 11 000 nafarni tashkil etadi. Saraton kasalligiga chalingan yana 10 000 fuqaro sog‘liqni saqlash tizimidagi kamchiliklar sababli o‘lim xavfi ostida.

G‘azo sektorida shu paytga qadar 70 mingga yaqin bino butunlay vayron bo‘lgan. 290 ming ob’ekt zarar ko‘rgan va yashash uchun yaroqsiz holga kelgan.

Isroil armiyasi G‘azodagi 297 ta masjidga zarar yetkazgan. Ulardan 229 tasi butunlay vayron bo‘lgan. 3 ta cherkov vayronaga aylangan.

Shuningdek, G‘azodagi 159 ta sog‘liqni saqlash muassasasi nishonga olingan. 53 ta sog‘liqni saqlash markazi va 32 ta kasalxona faoliyatini to‘xtatgan. 126 ta tez yordam mashinasi yaroqsiz holga keltirilgan.

Xalqaro hamjamiyatning chaqiriqlariga qaramay, Isroil qirg‘inni davom ettirmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!