Hojiboy Tojiboyev haqida siz bilmagan 5 ta fakt

Hojiboy Tojiboyev haqida siz bilmagan 5 ta fakt

1. Taniqli so‘z ustasi, qiziqchi, O‘zbekiston va Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hojiboy Tojiboyev 1955 yil 25 avgustda Tojikistonning Xo‘jand viloyatda tug‘ilgan. Otasi Shomurod va onasi Shahriniso unga Hojimurod deb ism qo‘yishgan. Tojiboyev sahnadagina qiziqchi, hayotda esa jiddiy inson bo‘lgan. «Tashkent City»da uning haykali o‘rnatilgan.

2. So‘z ustasi konsertlarining ssenariysini o‘zi yozgan. Kostyumining ichki cho‘ntagida doimo yondaftarini olib yurib, to‘yda yoki konsertlarda odamlardan biror qiziqroq gap eshitsa, chetroqqa o‘tib, daftariga yozib qo‘yadigan odati bor bo‘lgan. Bundan tashqari, aktyor sifatida esa “Sharif va Marif” va “Tangalik bolalar” filmlarida rol ijro etgan.

3. Hojiboy Tojiboyev pianino chalishni maromiga yetkazgan, hatto raqsda ham qiziga ustozlik qilgan. Shu sabab ham bo‘lsa kerak, san’atkorning qizi Intizor Tojiboyeva ham san’at sohasini tanlagan. Bundan tashqari, Hojiboy Tojiboyev Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Chexov, Zoshchenko, Said Ahmad, Ne’mat Aminov, Anvar Obidjon asarlarini sevib o‘qigan.

4. «Hojiboy Tojiboyev mast holda avtomobil boshqarayotganda…» yoki «Unga suiqasd uyushtirilib vafot etdi» kabi mish-mishlar mavjud. Aslida esa artist jigar xastaligi bilan og‘rigan. Otasining o‘limi borasida qizi Intizor Tojiboyeva shunday deydi: «Otamning ahvoli kutilmaganda yomonlashdi. 23 iyul kuni kechki soat to‘qqizlarda Toshkentdagi 16-shifoxonaga yotishiga to‘g‘ri keldi. Chunki ahvoli og‘irlashgan edi. Uydan chiqib ketar ekan, «Hali hammasi yaxshi bo‘ladi. Onasi, men qaytib kelaman, bolalarga qarab turing, qaysi biri aytganingizni qilmasa, kelganimdan so‘ng o‘zim gaplashib qo‘yaman…» deb chiqib ketgan edi. Endi qaytmasligini nafaqat biz, hatto o‘zi ham bilmagan».

5. Hajvchining reklamalar haqidagi mashhur hazili aslida uning turmush o‘rtog‘i Maysara opaning gapidan tug‘ilgan edi. “Bir kuni oynaijahon orqali “Mashhura” o‘quv markazining reklamasi berilayotganida tikuvchi bo‘lganim sabab diqqat bilan eshitayotganimda orada shartta kino qo‘yildi, shunda men ey, tuppa-tuzuk reklamaning o‘rniga kino qo‘yishdiya”, deganimda ular “nima deding, qaytar-chi, deb aytganlarimga kulib qo‘ydilar”, deya eslaydi Maysara opa.

Bonus. Agar buyuk so‘z ustasining hayoti haqida yanada batafsil o‘qishni istasangiz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ashurali Jo‘rayevning “Tanimading-a?” kitobini mutolaa qilishni tavsiya qilamiz.

Manba: fikrat.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!