Haydovchi: “Bu xususiy avtobus, yoqmasa, chiqmang!”

Haydovchi: “Bu xususiy avtobus, yoqmasa, chiqmang!”

Har kuni yo‘lovchi tashuvchi jamoat transportlarida ishga qatnayman. 36 kishilik o‘rindig‘i bor avtobuslar har doim odamlar bilan gavjum bo‘ladi. Goho shu qadar zich bo‘ladi-ki, nafas olishga qiynalasan. Haydovchi va konduktor 2 sm. joy qolib ketsa ham avtobusga odamlarni olaveradi. Bundan ba’zi kishilarning asabi taranglashadi. Chunki ular orasida har xil insonlar: katta yoshli qariyalar, nogironlar, yosh bola yetaklagan onalar, bemor insonlar ham bo‘lishi mumkin. Haydovchidan avtobusga bunchalik ko‘p odamlar olishining sababini so‘rasam: “Bu xususiy, o‘zimga tegishli bo‘lgan avtobus, – deydi. – Yoqmasa, avtobusga chiqmang”. 

Bu gaplardan so‘ng o‘ylanib qoldim. Nahot, insonlar demokratiya, erkinlik, o‘z mulkimni xohlaganday tasarruf etaman, deb fuqarolarga jabr qilishayotganligini bilishmaydi?!

O‘z mulkini erkin tasarruf etish boshqa, mulkdan fuqarolarga xizmat ko‘rsatish uchun foydalanishda qoidalarga amal qilish boshqa. Agar e’tibor berilsa, aksariyat jamoat transportlariga yo‘lovchi tashishning sonlari ko‘rsatilgan hujjat ilova sifatida yopishtirib qo‘yiladi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan bu ko‘rsatkichga amal qilinmasligi odatiy holga aylangan. Ishga, o‘qishga shoshayotgan insonlar chor-nochor ana shunday tiqilinch avtobuslarda ketaverishadi-da. Axir buning yo‘lini qilsa bo‘ladi-ku. Shunchaki yoqilg‘i va vaqtni tejab, ko‘proq daromad olish uchun o‘zlarini xususiy avtobusning egalari qilib ko‘rsatadigan haydovchilar bu oddiy qoidaga amal qilmaydilar. Natijasini esa o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Har kuni yo‘llarda turnaqator bo‘lib o‘tadigan avtobuslarning ichi odamlar bilan liq to‘la. Unda esa baqirib chaqirgan, kayfiyati buzilgan odamlarning qiyofasini ko‘rishimiz mumkin.

Fuqarolarimiz manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yuvchi, har bir ishda adolat mezonlariga amal qiluvchi O‘zbekiston “Adolat” SDP partiyasining bo‘lg‘usi saylovoldi dasturida bu masalaga ham e’tibor qaratilsa, xalqimiz uchun foydali amal bajarilgan bo‘lar edi.

Egamqul RAHMONQULOV, 

O‘zbekiston “Adolat” SDP 

Sirdaryo viloyat Kengashi 

Tashkiliy-partiyaviy 

ishlar bo‘yicha mutaxassisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!