Go‘sht zavodida koronavirus o‘chog‘i aniqlanganidan so‘ng prokuratura Germaniyaning «kolbasa qiroli»ni tekshirishni boshladi

Go‘sht zavodida koronavirus o‘chog‘i aniqlanganidan so‘ng prokuratura Germaniyaning «kolbasa qiroli»ni tekshirishni boshladi

 

Germaniyaning Reda-Videnbryuk shahridagi go‘shtni qayta ishlash zavodining 1500dan ortiq ishchisida koronavirus aniqlangach, prokuratura tekshiruv boshladi, deb xabar berdi Bloomberg. Mamlakatdagi eng yirik infeksiya o‘chog‘iga aylangan korxona «kolbasa qiroli» nomi bilan tanilgan milliarder Klemens Tyonnisga tegishli (boyligi 2,2 mlrd dollar).

Asosan kam oylikka ishlovchi sharqiy yevropalik ishchilarda koronavirusga testlar musbat chiqqan, deb yozadi Bloomberg. Ushbu holat oqibatida zavodni yopishga va 640 ming kishi yashaydigan hududda karantin joriy etishga to‘g‘ri keldi. Agentlikning qayd etishicha, bu Germaniya inqirozdan keyin o‘z iqtisodiyotini qaytadan yo‘lga tushirishga harakat qilayotgan bir paytda sodir bo‘ldi.

«G‘azabimiz oshmoqda. Jonivorlar, ishchilar va atrof-muhitga zarar yetkazgan Tyonnis ko‘p yillar davomida javobgarlikdan qochib keldi. Biz to‘ydik», — dedi Reda-Videnbryuk merligiga da’vgarlik qilayotgan yashillar partiyasi vakili Sonya fon Zons.

Qayd etilishicha, ayrim siyosatchilar karantin choralari bilan bog‘liq mablag‘larni Tyonnisdan undirish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Avvalroq biznesmenning o‘zi kelgusi yildan ishchilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yollashi va ular uchun yangi yotoqxonalar qurib berishini aytgandi. Milliarder shuningdek, karantindagi ishchilarning oziq-ovqati uchun pul to‘lashini va hududda koronavirusga test o‘tkazishga mablag‘ ajratishini aytgandi.

Germaniya go‘shtni qayta ishlash sanoatida 200 mingga yaqin kishi ishlaydi. Ularning ko‘pchiligi Sharqiy Yevropa mamlakatlaridan bo‘lib, umumiy yotoqxonalarda yashaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!