Global indekslarning mashhurlik reytingi tuzib chiqildi

Global indekslarning mashhurlik reytingi tuzib chiqildi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari global indekslarning mashhurlik reytingini ishlab chiqdi.

Tahlil uchun oxirgi 5 yilda Google platformasidagi so‘rovlar soni asos qilib olindi. Bugun Google Trends butun dunyodagi ko‘plab kompaniyalar va tadqiqotchilar uchun muhim bir vositaga aylandi. Uning yordamida qanday so‘zlar vaqt o‘tishi bilan foydalanuvchilarni ko‘proq qiziqtirayotganini aniqlash mumkin.

Google brauzeri bugun sayyoradagi eng ko‘p foydalaniladigan qidiruv tizimidir. NetMarketShare ma’lumotlariga ko‘ra, Google brauzeri 2018 yil dekabr oyida kompyuter va mobil qurilmalarda mos ravishda 77% va 86% ulushga ega bo‘lgan. Shu sababli, Google Trends internetdagi qidiruvga oid so‘rovlarni ishonchli tarzda aks ettiradi. Google ushbu vositani 2006 yil may oyida ishga tushirgan va 2008 yilning avgust oyida Google Search Insight deb nomlangan kengaytirilgan ko‘rinishini chiqargandi. 2012 yilda ikkala vosita Google Trends ning joriy versiyasini yaratish uchun birlashtirildi.

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, mashhurlik reytingida tanlab olingan indekslar ichida Inson taraqqiyoti indeksi yakka peshqadam. Bu birinchidan, mazkur indeksdan keng jamoatchilik rivojlanishning muqobil ko‘rsatkichi sifatida foydalanishi bilan bog‘liq. Ikkinchidan, boshqa ko‘plab reytinglar va indekslarni hisoblashda ham shu ko‘rsatkich asos sifatida qo‘llaniladi.

Global indekslarning mashhurlik reytingi tuzib chiqildi

Ikkinchi o‘rinda Demokratiya indeksi turibdi. Bu hozirgi kunda demokratik qadriyatlar umuminsoniy qadriyatlar ichida eng ustuvor o‘ringa ega ekanligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Uchinchi o‘rin Global innovasion indeksga tegishli. Hozir tabiiy resurslarning o‘zi emas, balki ulardan samarali foydalanish taraqqiyot asosi ekani hisobga olinsa, mamlakatlarning innovasion taraqqiyoti ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy.

Keyingi o‘rinlarni Global raqobatbardoshlik, Iqtisodiy erkinlik indekslari va Global boshqaruv indikatori egallagan. Ular keng qamqovli hisoblanib, rivojlanishning ko‘plab yo‘nalishlarini bitta raqamda aks ettirishga harakat qiladi.

Davlat risk bahosi, Inklyuziv o‘sish indeksi, Jahon matbuot erkinligi indekslari mashhurlikda eng ortda bormoqda. Demak, biron bir indeksning matbuotda keng e’tirof etilishi uning haqiqatan ham muhim ekanligini bildirmaydi. Tabiiyki, ikki indeksdan biriga e’tibor qaratish lozim bo‘gan paytda, albatta, mashhurrog‘iga e’tibor berish to‘g‘riroq bo‘ladi.

Umuman olganda, huquq, korrupsiyaga oid indekslar mashhurlik bobida sanoat, iqtisodiy barqarorlik va elektron hukumat indekslaridan ustunroq ekanligi aniqlandi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, indekslarning ko‘pligi va resurslarning cheklanganligini inobatga olganda, mamalakatning ulardagi holatini yaxshilashga qaratilgan maqsadli ishlarni yo‘lga qo‘yishda ushbu indekslarning mashhurlik reytingini e’tiborga olish lozim.

O‘zbekistonda boshqaruv sifati va siyosatning samaradorligi, mamlakatda yuz berayotgan o‘zgarishlar jarayonini baholash, tadqiqotlar natijasidan kelib chiqqan holda islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqishda yordam beruvchi muhim xalqaro reytinglarning mezonlari va indikatorlari Milliy monitoring tizimining uzviy qismi sifatida qayd etilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!