Fermer va dehqon mehnati qadr topadimi? Yoxud bir burda non bahosi

Fermer va dehqon mehnati qadr topadimi?  Yoxud bir burda non bahosi

O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning "Bir burda non" deb nomlangan she’rida shunday misralar bor: "Mo‘ysafid yo‘l uzra bir burda nonni tuproq orasida ko‘rdi-yu, nogoh asta qo‘liga oldi, o‘pdi, bu onni "shiq" etib suratga tushirdi sayyoh". Ha, bizning xalqimiz yerdan ushoq topsa ham e’zozlab ko‘ziga suradigan xalq. Chunki biz ochlik, yupunlik zahmatini tortgan ajdodlarning avlodimiz. Bir bo‘lak qora kepak non vaqti kelganida eng yuksak narxlarda sotib olinganligini, shu burda non uchun dehqon qanchalar ko‘p ter to‘kishini yaxshi bilamiz.

Gapni olis va mashaqqatli yillar qa’ridan boshlashdan maqsadingiz nima dersiz... Gap shundaki...

Yillar davomida oziq-ovqat xavfsizligi, aholini arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash mamlakat iqtisodiyotining muhim sohasi sifatida davlat tomonidan boshqarib kelindi.

Bu esa o‘z navbatida fermer xo‘jaliklari yetishtirgan g‘allaning bozor narxlariga nisbatan past narxlarda xarid qilinishiga olib keldi. Natijada fermer g‘alla yetishtirish jarayoniga qiziqmay qo‘ydi. Axir hamma narsa avvalo manfaatdorlikka borib taqaladi-ku... Shu bois aholini arzon non va un mahsuloti bilan ta’minlash maqsadida xo‘jaliklardan arzon narxlarda sotib olingan g‘alladan ishlab chiqarilgan unning bir qismi amalda aholining barcha qatlamlariga yetib bormadi. Ya’ni manzilli ijtimoiy himoya uchun ajratilgan non va un mahsulotlari o‘z manziliga yetib bormadi hamda bozor narxlarida sotilib ketdi.

To‘g‘ri, barcha sohalarda bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligida ham bir qator yutuqlarga erishildi. Jumladan, joriy yilda respublikamiz fermerlari tomonidan 7 mln tonnadan ortiq g‘alla yetishtirildi.

O‘rtacha hosildorlik gektaridan 70 sentnerdan oshishiga erishildi. Shuningdek, davlat resurslariga qo‘shimcha 532 ming tonna g‘alla qabul qilindi. Fermer xo‘jaliklarining moddiy manfaatdorligi oshib o‘z mehnati samarasini ko‘rdi. Lekin ishlab chiqarilayotgan birinchi navli unning bir kilogrammi hukumat tomonidan 1400 so‘m qilib belgilab qo‘yildi.

Ushbu narx g‘allaning o‘rtacha narxidan ham pastdir. Bu esa don korxonalarida un mahsulotlari ishlab chiqarishda bozor mexanizmi yo‘lga qo‘yilmaganligidan darak beradi. Bu jarayonda uzoq muddatli strategiya yo‘q, mahsulot yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va iste’mol qiluvchi o‘rtasida tizimli zanjir yaratilmagan. O‘z-o‘zidan ma’lumki, buning oqibatida g‘alla yetishtiruvchi 40 mingga yakin fermer xo‘jaliklarida ishlayotgan 20 mingdan ortiq ishchi va xizmatchilar o‘z hosilidan topayotgan daromadidan mamnun emas.

Axir erta bahorda ezgu niyatlar bilan tuproqqa don sochayotgan har bir dehqon "buromadi", ya’ni xarajati va mehnatiga yarasha daromad ko‘rsam deydi. Ko‘ngildagidek samaraga erishgan odamning esa boshi osmon, qaddi tik va orzu va rejalari bir olam buladi.

Farg‘onalik fermerlarimizdan birining aytishicha, so‘nggi ikki yil mobaynida paxta va g‘alla yetishtirishda foydalaniladigan asosiy moddiy resurslar, jumladan, yoqilg‘i moylash mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalari birja savdolari orqali erkin narxlarda sotilishi, barcha xizmatlar shartnomaviy tariflarda amalga oshirilishiga qaramasdan g‘allaning xarid narxi belgilab qo‘yilganligi g‘alla va un mahsulotining haqiqiy bozor narxini shakllantirish imkonini bermayapti. Bir so‘z bilan aytganda, zahmatkash dehqon va fermerlarimiz mehnatlari qadr topishini, to‘g‘ri baholanishini istashmokda. Aytib o‘tish lozimki, narxlarning ular aytgandek erkinlashtirilishi bozordagi don va un narxining oshishiga sabab bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida ehtiyojmand aholining xarajatlari oshishiga olib keladi.

Kur’oni karimning “Nur” surasi 114-oyatida shunday deyilgan: "Bas, Alloh sizga rizq kilib bergan narsalardan halol, pok xolida yeng. Va agar unga ibodat kilsangiz, Allohning ne’matiga shukr qiling". Bir qarashda to‘kin dasturxonimizga fayz bag‘ishlab turgan non va un mahsulotlari juda serobdek tuyuladi. Biroq bu farovonlik, to‘kinlik tunu kun tinim bilmay g‘alla yetishtirgan dehqonboboning halol mehnati tufayli bunyod bo‘lmokda. Va bu mehnat bugungi bozor iqtisodi sharoitida adolatli baholanishi dehqon va fermerlarimizga o‘zgacha shijoat bag‘ishlashi aniq.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!