Farg‘onadagi muzeyda yong‘in sodir bo‘lgan. Tarixiy eksponatlarga zarar yetgan bo‘lishi mumkin

Farg‘onadagi muzeyda yong‘in sodir bo‘lgan. Tarixiy eksponatlarga zarar yetgan bo‘lishi mumkin

Farg‘ona viloyatidagi davlat muzeyida yong‘in sodir bo‘lgan. Bu haqda “Daryo”ga xabar bergan muzey xodimiga ko‘ra, yong‘in natijasida 1850 yillarda yasalgan naqshli masjid eshigi, 1898 yilda Angliya qurolsozlari tomonidan kashf etilgan M-98 rusumli 2 dona miltiq qo‘ndoqlari yongan.

“Daryo” jurnalisti bilan suhbatda bo‘lgan Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi rahbari Xayrullo Zokirov muzeyda yong‘in emas, qisqa tutashuv bo‘lganini ma’lum qildi.

Muzeyda eskirib ketgan elektr simlari orqali chiqqan qisqa tutashuvdan hech qanday zarar yetmagan, — dedi muzey rahbari.

Muzey mas’uli jurnalistning “1850 yillarda yasalgan naqshli masjid eshigi, 1898 yilda Angliya qurolsozlari tomonidan kashf etilgan M-98 rusumli 2 dona miltiq qo‘ndoqlari yonmagan bo‘lsa, ularning suratini taqdim qilolasizmi?”, degan savoliga, ayni paytda muzeyda elektr toki yo‘qligini, shu sabab ichkarini suratga ololmasligini aytib, javob qaytardi.

Manbaning yozishicha, yong‘in 2024 yilning 11 aprel kuni soat taxminan 10:00 larda sodir bo‘lgan.

Yong‘in muzeyning ikkinchi qavatidagi ekspozisiya zalida sodir bo‘lgan. Natijada 1850 yillarda yasalgan naqshli masjid eshigi — noyob ekzemplyar, 1898 yilda Angliya qurolsozlari tomonidan kashf etilgan M-98 rusumli 2 dona miltiq qo‘ndoqlari yongan. Rassom Gavrilovning “Ur mirshabni” deb nomlangan, 1916 yilgi qo‘zg‘olon tasvirlangan kartinasiga shikast yetgan, — deydi ism-sharifi sir qolishini so‘ragan manba.

Bu haqda “Daryo”ga ma’lumot bergan ikkinchi manbaga ko‘ra, ayni paytda muzeyning ko‘rgazma zali viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan muhrlangan.

1896 yilda tashkil topgan Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyidagi yong‘inda bir qancha eksonatlarga ziyon yetgan. Ayrim eksponatlar yonib kul bo‘lgan. Yong‘inni o‘t o‘chiruvchilar bartaraf qilishgan bo‘lishiga qaramay voqea keng jamoatchilikdan yashirilmoqda, — deydi u.

Manbalarning qo‘shimcha qilishicha, muzeyning yong‘indan xabar berish tizimi anchadan buyon ishlamayotgan bo‘lgan.

Yong‘in bo‘lgan joy muhrlangani sababli u yerning suratini taqdim qilolmayman, — deydi ikkinchi manba.

“Daryo” jurnalisti bir-biridan mustaqil manbalar bergan axborotga aniqlik kiritish maqsadida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Ahliddin Alijonov bilan telefon orqali bog‘lanib, yong‘in haqida boshqarmaga qachon xabar berilgani bilan qiziqdi. Biroq mas’ul ayni paytda unda aniq axborot yo‘qligini, bir ozdan so‘ng, batafsil ma’lumot berishini aytdi. Ammo aytilgan vaqtda na telefon qildi na telefon qo‘ng‘iroqlariga javob qaytardi.

Muzeyni aylanish uchun borib, uch kundan beri unga kirolmayotganini yozgan “Daryo” o‘quvchisining ma’lumot berishicha, u yong‘inga guvoh bo‘lgan.

Men o‘sha kuni muzeyda edim. Keyin ketma-ket uch kun aylanish maqsadida muzeyga yana bordim. Muzey yopiq. Shu haqida xabar bering. Yong‘indan mutasaddi tashkilotlarning xabari yo‘q, shekilli, — deydi kuzatuvchi.

Avvalroq ushbu muzeyda 2,5 milliard so‘mlik noyob eksponatlar qalbakilashtirilgani, viloyat IIBda esa 7 ta asar yo‘qolgani ma’lum bo‘lgandi. “Daryo” muxbiri esa mazkur muzeydagi sirli o‘g‘riliklar haqida o‘rganib, jurnalistik surishtiruv o‘tkazgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!