Deputat Alisher Qodirov «meni saylamagansiz» degan kommentini o‘chirib tashladi

Deputat Alisher Qodirov «meni saylamagansiz» degan kommentini o‘chirib tashladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari — parlamentdagi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Oltinsoydagi voqealar yuzasidan qoldirgan posti ostidagi ziddiyatli kommentni o‘chirib tashladi.

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidagi «Xalqobod» mahallasida 14 fevral kuni aholi va hokimiyat vakillari o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergan, oqibatda bir fuqaro va ikki nafar ichki ishlar xodimi tan jarohati olgan edi. Ushbu hodisaga munosabat bildirarkan, deputat Alisher Qodirov uni «bir guruh fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan qo‘pol qonun buzilishi» deb atagan va «ushbu jinoyat... aybdorlariga keskin jazo belgilanishi kerak»ligini takidlagan edi.

Uning shu mazmundagi posti Facebook’da muhokamalarga sabab bo‘lgani, xususan, foydalanuvchilardan birining: «Sizdan nima kutish mumkin? Xalqni ayblash oson. Haqiqiy deputatlar saylanmaguncha, shu ahvol», degan kommentiga javoban: «Men sizni umidvor qilmaganman, mendan hech narsa kutmang. Siz meni saylamagansiz, bundan keyin ham saylamaysiz... saylamasangiz ham mayli», mazmunida qoldirgan javobi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgani haqida xabar berilgan edi.

Skrinshot: Alisher Kadirov / Facebook

Ma’lum bo‘lishicha, deputat aynan shu kommentini Facebook’dan o‘chirib tashlagan (ammo skrinshotlar qolgan va ular ijtimoiy tarmoqlarda aylanishda davom etmoqda). «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi matbuot xizmatidan «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishlaricha, partiya rahbari hisoblangan Alisher Qodirov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga postlarni o‘zi qo‘yadi va kommentlarga ham shaxsan o‘zi javob qaytaradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!