Buxoroda mansabdor shaxs jinoyat ustida ushlandi

Buxoroda mansabdor shaxs jinoyat ustida ushlandi

Buxoro shahar hokimligi uy-joylarni hisobga olish va noturar joylardan foydalanish davlat korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari oilaviy yotoqxonadan uy rasmiylashtirish evaziga fuqarodan pora olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Holatga ko‘ra, Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro D.H. Buxoro shahar hokimligi uy-joylarni hisobga olish va noturar joylardan foydalanish davlat korxonasiga boquvchisini yoqotganligini, oilaviy sharoiti og‘ir ekanligini, uyga muhtojligini ma’lum qilib, uy ajratish bo‘yicha murojaat qilgan.

Murojaat Buxoro shahar hokimligi uy-joylarni hisobga olish va noturar joylardan foydalanish davlat korxonasiga boshlig‘i o‘rinbosari R.S. tomonidan qabul qilingan.

R.S. mansab vakolatini suiste’mol qilgan holda uy-joylarga muhtoj fuqarolarga berilishi lozim oilaviy yotoqxonadagi uylardan birini o‘tgan yil oxirida o‘z qizining nomiga rasmiylashtirgan bo‘lgan. Nafsi hakalak otgan R.S. vaqtdan unumli foydalanish maqsadida fuqaro D.H.ga oilaviy yotoqxonada qizining nomiga yashash uchun rasmiylashtirib berilgan uyni navbatdan tashqari o‘tkaziladigan komissiya asosida bekor qilish hamda D.H.ning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 4 ming AQSh dollari miqdorida pul “mukofoti”ni talab qilgan.

Joriy yilning 24 iyul D.H. holat yuzasidan DXX Buxoro viloyat Boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilishga majbur bo‘lgan. D.H.ning arizasiga asosan, 28 iyul kuni DXX Buxoro viloyat boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor  tadbir davomida R.S. ariza muallifi D.H.dan 4 ming AQSh dollarini pora tariqasida olayotgan vaqtda jinoyat ustida qo‘lga olingan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida: Fuqaro R.S. 2007 yilda mansabdorlik lavozimida ishlagan vaqtida ham pora olganligi holati aniqlangan. Unga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining 2007 yil 28 iyuldagi hukmiga asosan, JKning 210-moddasi (Pora olish) 3-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda ayblanib, 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish va 3 yil muayyan huquqdan mahrum qilish jazolari tayinlangan. Bundan tashqari, 2015 yil 17 iyulda Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi tomonidan JKning 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi bo‘yicha 3 yil muddatga axlok tuzatish jazosi tayinlangan. Biroq, R.S. qo‘llanilgan jazo choralaridan tegishli xulosa chiqarmay, o‘zining noqonuniy harakatlarini davom ettirib kelgan.

R/S: Buxoro shahar hokimligi uy-joylarni hisobga olish va noturar joylardan foydalanish davlat korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari R.S.ning bundan ilgari ham juda ko‘p uy-joyga muhtoj fuqarolarni oilaviy yotoqxonalarda yashash uchun uy qolmagani, uylarning kam ta’minlangan oilalarga tarqatilgani vaji bilan umidsiz qaytargani, muhtoj fuqarolarning ilojsizlikdan oilasi bilan ijarama-ijara yoki qavmu-qarindoshlari uylarida yashab kelayotgani haqida murojaatlar mavjud.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!