Buxoro davlat tibbiyot institutining yangi kampusida zamonaviy klinika faoliyat boshladi

Buxoro davlat tibbiyot institutining yangi kampusida zamonaviy klinika faoliyat boshladi

Prezident tashabbusi bilan sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, eng avvalo, inson hayotini muhofazalash va salomatligini mustahkamlash maksadida “Abu Ali ibn Sino” nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining yangi va muhtasham kampusi qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati ma’lum qildi.

“Bugun mazkur muassasaning yana bir sig‘imi, talabalar amaliyoti uchun katta maydon, hozirgi zamon talablariga to‘la javob beradigan yangi klinikaning ochilish marosimi o‘tkazildi. Tadbirda viloyat hokimi, sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilari, institut rahbariyati, xorijiy mehmonlar, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi” – deyiladi xabarda.

Zamonaviy uslubda barpo etilgan yangi klinika ilg‘or tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, unda yuqori texnologik davolash usullarini amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Muassasada bemorlarning davolanishi, tibbiy xodimlarning faoliyat yuritishi, talabalarning to‘laqonli bilim olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Mazkur klinika loyihasi umumiy qiymati 65 milliard so‘mga moliyalashtirilgan va ushbu klinika bir paytning o‘zida 200 nafar bemorga stasionar va 300 nafar bemorga ambulator yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

Endilikda bu yerda neyroxirurgiya, travmatologiya, kardioxirurgiya, bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi, endourologiya, rekonstruktiv jarrohlik, intervension kardiologiya yo‘nalishlarida yuqori texnologik amaliyotlarga muhtoj bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish mumkin.

“Kelgusida klinikada buyrak, jigar va yurak transplantasiyasi kabi murakkab operasiyalarni bajarish rejalashtirilmoqda. Bundan tashkari, klinika malakali jamoasining bosh maqsadi — nafaqat Buxoro, balki Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari aholisining ham uzog‘ini yaqin qilish, dardiga davo topish” – deydi loyixa tashabbuskorlari.

Umuman olganda, mazkur klinikaning ochilishi Abu Ali ibn Sino tavallud topgan zaminda tibbiyotning so‘nggi yutuqlarini keng qo‘llash bilan birga, sohaga oid zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, yosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, tibbiy xizmatlar sifatini yanada yuksaltirish va ularni xalqqa yaqinlashtirishga xizmat qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!