Raqobat qo‘mitasiga «Humans» va «Beeline» aloqa kompaniyalari ustidan shikoyatlar kelib tushdi
«Oʻzbektelecom» AK (UZMOBILE), «Coscom» MCHJ (UCELL), «Universal mobile systems» MCHJ (MOBIUZ), «Unitel» MCHJ (Beeline) va «Humans» MCHJ aloqa kompaniyalari tomonidan belgilangan tariflardagi tushunmovchiliklar, aloqa va internet xizmatlarining sifatsizligi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun ortiqcha to‘lovlar olinishiga oid ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Bu haqida Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, qo‘mita mazkur murojaatlarni mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma, tanlangan tarif rejasi va aloqa xizmatlarining shartlariga mosligi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazmoqda.
Jumladan, Samarqand viloyatida «Humans» aloqa xizmati foydalanuvchisi 6 mln 700 ming so‘m pul mablag‘i tegishli hisobga o‘tmagani, yechib olingan pul qaytarib ololmayotganidan norozi bo‘lgan.
Aniqlanishicha, murojaatchi haqi bo‘lib chiqqan. Natijada fuqaroning huquqlari tiklangan va «Humans» MCHJ aloqa xizmat ko‘rsatish kompaniyasi tomonidan 6 mln 700 ming so‘m pul to‘liq qaytarib berilishi ta’minlangan.
Toshkent viloyatida ham «Humans» MCHJ ko‘rsatgan xizmatdan norozi fuqaro qo‘mitaga murojaat qilgan.
Ta’kidlanishicha, foydalanuvchi telefon raqami orqali pul mablag‘ini kompaniya elektron hamyoniga o‘tkazayotgan vaqtda bitta raqamga adashganligi bois boshqa hisob raqamga o‘tib ketgani, endilikda, pul mablag‘larini qaytarib ololmayotganligi aniqlangan.
Yakunda «Humans» MCHJ tomonidan 6,2 mln so‘m pul mablag‘lari fuqaroning plastik kartasiga qaytarib berilgan.
Namangan viloyati Chust tumanida yashovchi shaxs ham «Humans» aloqa kompaniyasidan yanglishib yuborilgan 5 mln so‘mini qaytarib ololmayotganligi yuzasidan norozi bo‘lgan.
O‘rganish davomida MCHJ mutaxassislari bilan suhbatlashilib, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunning 21-moddalari talablari bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berib o‘tilgan. 5 mln so‘m mablag‘ esa fuqaroning bank plastik kartasiga o‘tkazib berilgan.
Surxondaryo viloyatidan murojaat qilgan fuqaro «Beeline» kompaniyasining bepul ilovasidan 450 000 so‘m pul mablag‘ini to‘liq o‘tkaza ololmagani, mobil ilovada qolib ketgan pulni esa qaytarish bo‘yicha kompaniya hech qanday chora ko‘rmayotganligi ma’lum qilgan.
Yakunda nosozlik tufayli mobil ilovada qolgan mablag‘ iste’molchiga «Unitel» MCHJ tomonidan qaytarilgan.
Ma’lumot uchun, Raqobat qo‘mitasiga joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida aloqa bo‘yicha iste’molchilardan 1 563 ta ariza va shikoyatlar kelib tushgan. Umumiy hisobda esa 91,5 mln. so‘mga yaqin mablag‘ iste’molchilarga qaytarib berilgan.