“Tahririy xato ketgan”: O‘zbekistonda eshak go‘shti iste’mol qilinishi rad etildi
Bugun Qonunchilik palatasining majlisida “Hayvonlarni identifikasiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi Qishloq xo‘jalik vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilik qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, joriy yilning 5 avgust kuni qonun tashabbuskori tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilgan.
Qonun loyihasi bilan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan saqlanadigan (parvarish qilinadigan) va urchitiladigan uy hayvonlari – qoramol, qo‘y va echki, cho‘chqa, ot, eshak, tuya, it, mushukni identifikasiya qilinishi (vizual yoki elektron birkalarni hamda elektron mikrochiplarni hayvonlarga o‘rnatish) nazarda tutilgan.
Mazkur qonun loyihasini Qonunchilik palatasining qo‘mitasida, siyosiy partiyalar fraksiyalarida va yalpi majlisida ko‘rib chiqish jarayonida deputatlar tomonidan eshak, it va mushukning identifikasiya qilinishi asosligi bo‘yicha e’tirozlar bildirilgan.
E’tirozlar qonun tashabbuskorlari tomonidan qabul qilinib, loyiha birinchi o‘qishda ma’qullangan taqdirda, ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida olib tashlanishi qayd etilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyevning yozishicha, Qonun loyihasida eshak go‘shtini iste’mol uchun ishlatiladigan go‘sht toifasiga kiritish nazarda tutilmagan.
☝️ Umuman bu qonun “go‘sht iste’moli” haqida emas, balki hayvonlarni identifikasiya qilish, ro‘yxatga olish, kuzatish munosabatlarini tartibga soladi. Matbuot xabarnomasidagi tahririy xato tufayli tushunmovchilik kelib chiqqan.