Bosh prokuror 2 yilda qancha rektor, prorektor va dekan jinoiy javobgarlikka tortilganini aytdi

Bosh prokuror 2 yilda qancha rektor, prorektor va dekan jinoiy javobgarlikka tortilganini aytdi

Bugun, 18 yanvar kuni Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika Idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda unda oliy ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish ahvoli va qonuniylikni ta’minlashga doir masalalar muhokama qilindi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvaxitov, Prezident maslahatchisining o‘rinbosari U.Ismailov, Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov qatnashdi.

Shuningdek, yig‘ilishda komissiya a’zolari, Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi vakillari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasasi bo‘lgan vazirlik va idoralar rahbarlari, oliy o‘quv yurtlari rektorlari, Bosh prokuratura mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda so‘nggi ikki yilda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidan necha nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgani ta’kidlandi.

Bosh prokurorga ko‘ra, keyingi ikki yilda tizimdagi 326 nafar xodim ta’lim jarayoni bilan bog‘liq jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan, ularning 220 nafari kollej va liseylarga, 106 nafari oliy o‘quv yurtlariga to‘g‘ri keladi.

Institut va universitetlarning jinoyat sodir etgan xodimlaridan 3 nafarini rektorlar, 5 nafarini prorektorlar, 15 nafarini dekan va dekan o‘rinbosarlari, 62 nafarini o‘qituvchilar tashkil etadi. Kollej va liseylarda esa, 34 nafar direktor, 31 nafar direktor o‘rinbosari, 94 nafar o‘qituvchi jinoyatga qo‘l urgan.

Alohida ta’kidlandiki, talabalik safiga qabul qilish jarayonlarini takomillashtirish zarur. Zero, sodir etilgan jinoyatlarning aksariyat «o‘qishga kiritish» bilan bog‘liq qilmishlardir. Ayni vaj bilan 115 nafar, jumladan, 58 nafar oliy va 57 nafar o‘rta maxsus ta’lim xodimlari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Ma’lumot o‘rnida, sohaga byudjetdan ajratilayotgan mablag‘lar hajmi ham yildan-yilga ortmoqda. Agar sohaga 2018 yilda 879 mlrd. so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 1 trln. 288 mlrd. so‘mni, joriy yilda 1 trln. 888 mlrd. so‘mni tashkil etgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!