"Bobur arena" sektorlari o‘yin davomida kuzatuv kameralari orqali nazorat qilinadi

"Bobur arena" sektorlari o‘yin davomida kuzatuv kameralari orqali nazorat qilinadi

Superliga 8-turidan o‘rin olgan Andijon — Metallurg uchrashuviga qo‘shib berilgan daqiqalarda ayrim futbol muxlislari tomonidan stadionga turli buyumlar uloqtirildi. Bu kabi holat Bobur arenada ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.

Oqibatda Liga mazkur masalani Tartib-intizom qo‘mitasiga oshirdi hamda qo‘mita yig‘ilishida bevosita o‘z mutaxassislari bilan ishtirok etdi. Sir emaski, Andijon o‘tgan mavsumning so‘nggi uy uchrashuvini muxlislarsiz tribunada o‘tkazishga majbur bo‘lgandi. Shuningdek, bu yil 6-turdan o‘rin olgan So‘g‘diyonaga qarshi bellashuvda Liga texnik zonaga tutash sektorlarga futbol muxlislarining kirishiga ruxsat bermadi.

Afsuski, bu kabi holatlarning oqibatlariga qarshi kurashish natijasida bellashuvlarni xush kayfiyat va katta qiziqish bilan kuzatib borayotgan futbol muxlislari ham jabr chekmoqda. Ammo unutmaslik kerakki, Liga uchun uchrashuvlarni o‘tkazishda birinchi navbatda jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligi muhim hisoblanadi. Futbol muxlislarining soni ko‘p bo‘lishidan esa birinchi navbatda mezbon futbol klubi manfaatdordir.

Qo‘mita a’zolari hamda Liga mutaxassislari mazkur masala yuzasidan fikr almashdi. Yakunda Metallurg bilan o‘yindagi tartibsizlik uchun Andijon futbol klubiga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi. Shuningdek, Bobur arenada o‘tadigan Liga bayrog‘i ostidagi musobaqalarda Andijon futbol klubi muxlislar joy oladigan tribunalarni monitoring qilib borishda katta mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak bo‘ladi. Qo‘mita va Liga talabi bilan klub stadion texnik zonasi hamda unga qarama-qarshi sektorlarning har birini o‘yin davomida suratga tushirib borish uchun videokameralardan foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yishi va uchrashuv yakunida kerakli kadrlarni taqdim etib borishi lozim.

Bu bilan muxlislik madaniyatiga rioya qilmayotgan, ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalarini buzayotgan va oqibatda jamoat tartibiga putur etkazayotgan kimsalar shaxsiga oydinlik kiritish ko‘zda tutilgan. Yuqoridagi kabi holatlar videotasvirga tushirilgach, huquqni muhofaza qiluvchi organlar yordamida qoidabuzarlar shaxsiga aniqlik kiritilib, ularni jiddiy javobgarlikka tortish choralari ko‘riladi. Bu kabi holatlar ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqarishi ehtimoli bor ekanligi inobatga olinib, Liga hamda klub huquqni muhofaza qiluvchi organlardan qoidabuzarga nisbatan qat’iy chora ko‘rish, ularning stadionlarga kirishini taqiqlash kabi jazo choralarini so‘raydi.

O‘z navbatida Liga andijonlik barcha faol futbol muxlislariga murojaat qiladi. Biz Bobur arena stadionidagi go‘zal muhit, uning muxlislar bilan to‘lib toshishidan manfaatdormiz va buning uchun klub hamda muxlislar etakchilari bilan hamkorlikda ishlashga tayyormiz. O‘z navbatida ulardan mana shunday muhit davom etishi yo‘lida birlashish, qoidabuzarlarni aniqlashga ko‘maklashish masalasida hamkorlik qilishni so‘raymiz. Bu kabi kimsalar shaxsiga oydinlik kiritilib, ularga nisbatan tegishli jazo choralarining ko‘rilishi Bobur arena stadioniga muxlislar tashrifi bilan bog‘liq muammo bo‘lmasligida asosiy omil hisoblanishini bildiramiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!