«Antibiotiklarning reseptsiz sotilishi — katta muammo»

«Antibiotiklarning reseptsiz sotilishi — katta muammo»

Antibiotiklar dunyoda eng ko‘p tayinlanuvchi va tibbiyotning qariyb barcha sohalarida qo‘llaniluvchi dori vositalaridan hisoblanadi. Biroq ularni noto‘g‘ri qo‘llash oqibatida keyinchalik haqiqatdan ham kerak bo‘lgan vaqtda yordam bermasligi mumkin. Dunyo miqyosida antibiotiklarga chidamlilik odamlar salomatligiga tahdidga aylanmoqda.

Ko‘plab dori vositalariga chidamli bakteriyalar keltirib chiqargan infeksiyalar har yili 700 mingga yaqin kishining o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Mazkur ma’lumotlar Antibiotiklardan to‘g‘ri foydalanish jahon haftaligiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida sanab o‘tildi.

«Odamlar va hayvonlarda infeksion kasalliklarni davolash uchun qo‘llaniluvchi mikroblarga qarshi preparalarga mas’uliyat bilan yondashish va ulardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish lozim, — dedi JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lian Kuppens. — Barcha sektorlarda va barcha darajalarda amalga oshiriluvchi harakatlarda butun jamoatchilik va davlat ishtiroki ta’minlanmasa, o‘zgarishlarga erishib bo‘lmaydi».

«O‘zbekiston antibiotiklarga chidamlilikning tarqalishi bilan bog‘liq real xatarlarni yaxshi fahmlaydi. Biz milliy harakatlar rejasini ishlab chiqishni yakunlash arafasidamiz», — deya xabar qildi Epidemiologiya, mikrobiologiya va infeksion kasalliklar ITI direktori o‘rinbosari Xolida Ahmedova.

O‘zbekistonda qonunchilikka ko‘ra antibiotiklarni shifokor reseptisiz berish taqiqlanadi. Biroq qonunchilikdagi bu talabga dorixonalarda rioya etilmaydi.

«Bizda mikroblarga qarshi preparatlarni reseptsiz sotish haqiqatdan ham katta muammo. Vaholanki normativ hujjatlarda bu masala qat’iy tartibga solingan», — dedi antibiotiklarni qo‘llash bo‘yicha milliy koordinator hamda Dori vositalari ekspertizasi va standarlashtirish davlat markazi bo‘lim boshlig‘i Muhabbat Ibragimova.

«2020 yilda elektron reseptlar va kasalliklar tarixi tizimining joriy etilishi barcha tayinlovlarni ma’lumotlar bazasiga kiritish va dori vositalarining berilishini kuzatishga imkon beradi. Bu tufayli dori vositalarining rasional tayinlanishi va ularning rasional chiqarilishi ta’minlanadi», — dedi u.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ro‘yxatga kiritilmagan dori vositalarini shifokor reseptisiz sotganlik uchun jazoni ko‘zda tutuvchi o‘zgartishlarni kiritish ko‘zda tutilmoqda, dedi Muhabbat Ibragimova.

Manba: gazeta.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!