Amir Temur tobuti qayerda?

Amir Temur tobuti qayerda?

Samarqand davlat me’moriy-badiiy muzey qo‘riqxonasi yurtimizdagi qadimiy muzeylardan hisoblanadi.

1896 yilda tashkil etilgan muzey kolleksiyalaridagi hunarmandchilik va san’at ashyolari O‘zbekistonning deyarli barcha hududlaridagi badiiy madaniyatni qamrab oladi. Dastlabki yillarda muzey fondida 150 mingga yaqin turli ashyolar saqlangan. Ularning asosiy qismi qadimiy Samarqand - Afrosiyobdan topilgan arxeologiya va numizmatikaga tegishli bo‘lgan. Bugungi kunda muzeyning boy bo‘limlaridan biri Temuriylar davri bo‘limidir. Ushbu bo‘limda jami 308 eksponat saqlanadi. Ular orasida qo‘lyozmalar, Amir Temur tobuti, koshin parchalari, qush tasvirli, islomiy naqshli sopol idishlar, o‘yma eshik, shisha buyumlar mavjud.

Samarqandning xushmanzara bir burchagida, XX asr boshlariga tegishli eklektika usulida mashhur me’mor Ye.Nelle loyihasi asosida qurilgan, savdogar Abram Kalantarovga tegishli bo‘lgan qadimiy hovlida 1981 yil viloyat o‘lkashunoslik muzeyi bo‘lgan. Muzeyning birinchi qavatidagi ekspozisiya o‘lkamizning qadimiy davrdan XX asr boshigacha bo‘lgan rivojlanish tarixini tasvirlaydi.

Islom tiklanishi davri ekspozisiyasida Yunoniston qizil shishasidan qilingan idish qoldiqlari, Eronning Reya shahridagi loy qandil, serob tangalarni ko‘rish mumkin. Ekspozisiyada mo‘g‘ullar nayzalarining qinlari, Chingizxon tomonidan xarobaga aylantirilgan Samarqand qo‘rg‘oni surati ham mavjud. Muzeyda Amir Temur hamda temuriylar hukmronligi davri qazilma materiallari bor. XIII-XV asrlarga tegishli tangalar o‘sha davr hunarmandchiligi, karvon savdolari, temuriylar va Ulug‘bek davri savdo-pul munosabatlarini namoyon qiladi. Shuningdek, bu yerda XV-XVI asrlarga oid jang va namoyish do‘mbirasi, 1678 yil Amsterdamda nashr qilingan De Sanktiyenning «Temur tarixi» kitobini ko‘rish mumkin. 

«Afrosiyob» muzeyi 1970 yilda tashkil etilgan. Muzey Afrosiyob shaharchasida – Samarqandning qadimiy, mo‘g‘ullar istilosigacha bo‘lgan qismida joylashgan. Muzey ekspozisiya zallarida miloddan avvalgi birinchi ming yillikning o‘rtalaridan XIII asrning boshlarigacha bo‘lgan shahar tarixini yorituvchi eksponatlar mavjud. Samarqand ikki ming yil davomida (So‘g‘d yoki So‘g‘diyonaning) markaziy shahri bo‘lib, muzeyda namoyish etilayotgan eksponatlar uning yuqori darajadagi madaniy, siyosiy, diniy va iqtisodiy hayotini yaqqol tasvirlab beradi. Muzeyda ko‘hna kentning moddiy madaniyatini yorituvchi sopol, shisha, tosh, metall, suyak, koraplastika va me’moriy naqshlardan iborat boy to‘plamlar saqlanadi. Bular qariyb 20 mingdan ortiq osori-atiqalarni tashkil qiladi. Bu eksponatlarning asosiy qismi muzeyning 11 ta zalidan iborat ekspozisiyalarida namoyish etilib, qolgan yordamchi materiallar muzey fondlarida saqlanmoqda. Samarqand shahrining 2750 yillik yubileyi munosabati bilan muzeyning ikkinchi qavat ekspozisiya zallari to‘liq qayta ishga tushirilgan.

G.Sultonova,

SamDU tasviriy san’at kafedrasi o‘qituvchisi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!