​Ajrashishdan voz kechtirgan so‘z

​Ajrashishdan voz kechtirgan so‘z

So‘nggi paytlar u ayoli bilan hech yaxshi chiqisholmasdi. Uyda har kuni arzimagan sabablar bilan tortishuv bo‘lardi. Bulardan bezor bo‘lgan er ajrashishni istardi. Oiladagi notinchlik tufayli qudalarning ham orasiga sovuqchilik tushgandi. Er bir kuni parishon holda maslahat so‘rash uchun ko‘pni ko‘rgan, odamlarning hurmatini qozongan bir zotning oldiga borib, ahvolini aytdi. U zot:

Endi ajrashsang ham hech nimani o‘zgartirolmaysan. Bir oy umring qolibdi, nima qilsang qil, debdi.
Bu gapni eshitgan er dahshatga tushib, rangi oqargan holda chiqib ketibdi.
Yo‘lda uchragan tanishlaridan rozi-rizolik so‘ray boshlabdi. Uyiga qaytib, Xotin, shuncha payt seni xafa qildim, yaxshi er bo‘lolmadim, haqqinga rioya qilmadim. Meni kechir, mendan rozi bo‘l , debdi.

Xotini, tavba, bu odamga nima bo‘ldi? deb unga rahmi kelib:

Dadasi, aslida, siz rozi bo‘ling, men doim beodoblik qildim, sizni ko‘p ranjitdim, debdi.

Ikkovining ham qalbi yumshab ko‘zlari yoshlanibdi..
Keyin er xafalashgan qaynotasinikiga boradi. Ulardan ham yig‘lab rozilik so‘raydi. Xotini ham qaynonasidan kechirim so‘raydi. Endi uyda har kun totuv yashardilar va bir-birlarini hech ranjitmasdilar. Lekin u kishi xotiniga muhtaram zotning aytganlari haqida hech narsa demabdi. Bir oy to‘lishini sanay boshlabdi. Kunlar yaqinlashgani sayin yaxshiliklari ortar, kechalari ibodat qilardi.
Uning yaxshi ishlari ko‘paygani sari xotinining ham munosabatlari iliqlashib, totuvlik ortib borardi.
Bir oy o‘tadi. Ha, bugun o‘laman, debdi erkak. Ertaga esa...
Lekin o‘lmabdi. Aniq bir oy demadi, bir oy atrofida, dedi. Balki bir necha kun hali bordir , deb o‘ylabdi.
Axiyri, u zotning oldiga borib so‘rabdi:
Afandim, men o‘lmadim.
O‘lish nimasi? debdi u zot.
Siz bir oycha umring qoldi, degandingiz, bir oy o‘tdi.
U zot esa:
Birodar, men sening qachon o‘lishingni bilmayman, lekin shuni bilamanki, o‘lim haq, bir kun, albatta, o‘lasan, o‘lamiz. O‘ladigan odam janjal, nizo bilan hayotini zaharlamaydi. Hozirgi hayotingdan xursandmisan?
Ha, hech tortishmayapmiz.
Mana endi doim shunday yashanglar!

Manba: darakchi.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!