Afsuski, u yana jinoyatga qo‘l urdi

Afsuski, u yana jinoyatga qo‘l urdi

Kimnidir aldab pulini olishni reja qilayotgan kimsa yolg‘onning umri qisqa, qilmishiga yarasha jazo muqarrarligini bilarmikan?

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani Qahramon mahallasida yashovchi, muqaddam sudlangan Guli Shodiyeva (ism-familiya o‘zgartirilgan) avvalgi qilmishidan yetarli xulosa chiqarmagan ekan. Bunday deyilishiga sabab, u yana jinoyatga qo‘l urdi.

Ilgari gaz ta’minoti korxonasida nazoratchi bo‘lib ishlagan bu ayol sobiq vazifasidan qing‘ir niyatda foydalandi. Bunda unga ayrim fuqarolarning kommunal to‘lovlardan qarzini qing‘ir yo‘llar bilan yashirishga urinishlari qo‘l keldi. Soxta nazoratchi “tabiiy gazdan qarzi yo‘q” mazmunidagi ma’lumotnoma tayyorlab berish uchun tumanning Qo‘shko‘prik mahallasida yashovchi X.S. dan 3 million 900 ming so‘m, Mo‘lkanlik mahallasida yashovchi S.H. dan 1 million 440 ming so‘m pul oladi.

Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq kunga ham bormaydi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot-multimedia guruhi xabariga ko‘ra, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Endi Guli Shodiyeva qonun oldida qilmishiga yarasha javob beradi. Uning aldoviga uchganlar tabiiy gazdan bo‘lgan qarzlariga jarima ham qo‘shib to‘lishlariga to‘g‘ri keladi.

“Qars ikki qo‘ldan chiqadi”, deb shu kabi holatlarga aytilsa kerak. Jamiyatimizda jinoyatga, poraxo‘rlikka qarshi kurashilayotgan, kommunal to‘lovlar bilan bog‘liq masalalar tartibga solingan bir paytda ayrimlarning mana shunday ishlarga bosh qo‘shayotgani achinarlidir.

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!