Afsonalar qaytmoqda: Mayk Tayson & Evander Xolifildga qarshi - ular uchinchi bor uchrashuvga tayyormi?

Afsonalar qaytmoqda: Mayk Tayson & Evander Xolifildga qarshi - ular uchinchi bor uchrashuvga tayyormi?

Yaqinda jahon matbuotida afsonaviy amerikalik og‘ir vazndagi bokschilar Mayk Tayson va Evander Xolifildlar yaqinda professional boksga qaytishini e’lon qilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tarqaldi.

Bu yolg‘on xabarmi yoki rost? Qay darajada ishonchli? Nima bo‘lganda ham allaqachonlar tarixga aylanib ulgurgan mashhur bokschilarning ringga qaytishi millionlab boks muxlislarini xursand qilishi tayin. Muxlislar kutgan hol yuz berdi: Tayson va Xolifild uchinchi marta jang o‘tkazadigan bo‘lishdi.

- Ha, men Tayson bilan ringga chiqib, 1996 yildagi natijamni takrorlamoqchiman, - deydi Evander Xolifild. – 23 yildan beri buni kutib turgan edim. Men Maykni mag‘lub eta olaman. Buni o‘zi ham biladi, ikki marta amalga oshirganman. To‘g‘ri, hozir 57 yoshda bo‘lishimga qaramasdan, kuchim ham, aqlim ham o‘sha vaqtdagidek. Ammo Tayson bunga rozi bo‘larmikan, qo‘rqmay, ringda menga qarshi chiqa oladimi? Qoidalar haqida kelishib olishimiz kerak. Biz bir-birimizni nokaut qilish uchun emas, balki muxlislarimizga o‘z davrining eng kuchli bokschilari hali ham borligini, ular kuchdan qolmaganligini ko‘rstishimiz lozim.

Eslatib o‘tamiz Evander Xolifild 2011 yilda professional ringda o‘zining so‘nggi jangini o‘tkazgan edi. U faoliyati davomida bir necha vaznda mutlaq jahon chempionligini qo‘lga kiritgan.

Ringga qaytishi kutilayotgan gigant bokschilar ikki marta ringda uchrashishgan. 1996 yilda o‘tgan dastlabki jangning 11-raundida Xolifild Tayson ustidan muddatidan oldin g‘alaba qozongan. Ikkinchi marta esa ular 1997 yilning yozida uchrashgan. Boks tarixida eng janjalli, deb tan olingan bellashuvdan so‘ng Tayson musobaqalardan chetlashtirilgandi. Chunki jangning 3-raunddida Tayson Xolifildning qulog‘ini tishlab uzib olgach, hakam uchrashuvni to‘xtatgan.

Muxlislar sobiq jahon chempioni Mayk Taysonni 2005 yildan beri ringda ko‘rishmagan. O‘shanda «Temir Mayk» yana bir professional bokschi Kevin Makbrayddan nokaut qabul qilib, mag‘lubiyatga uchragach, qo‘lqoplarini mixga ilishga qaror qilgan edi.

Ayni koronavirus pandemiyasi davrida ikki bokschi ham mashg‘ulotlarga zo‘r berishgan. Ular o‘rtasidagi bellashuv esa karantindan so‘ng o‘tkazilishi mumkin. Internetda Taysonning shug‘ullanayotgan holatini ko‘rib, uning hamon yaxshi holatda ekanligini bilish mumkin. U ham Xolifilddan revansh olishni istayotganligini ta’kidlamoqda.

Agar tashkilotchilarning niyatlari amalga oshsa, jahondagi millionlab boks muxlislari ikki afsonaviy bokschilar o‘rtasidagi uchinchi jangdan bahramand bo‘lishlari mumkin bo‘ladi.

Dilmurod TO‘XTAYEV tayyorladi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!