Yoymachilar tufayli Asaka dehqon bozori oldidagi ko‘chada yo‘l harakati falaj holatga kelib qolgan (foto)

Yoymachilar tufayli Asaka dehqon bozori oldidagi ko‘chada yo‘l harakati falaj holatga kelib qolgan (foto)

Andijon viloyati Asaka tumanining Baraka mahallasi aholisidan shikoyat kelib tushdi: Asaka ko‘chasining bir tarafi to‘sib qo‘yilgan. Shaharning qoq markazidagi bu ko‘chada favqulodda vaziyat bo‘lsa, o‘t o‘chiruvchilar ham, boshqalar ham aylanib, narigi boshidan kirishi kerak bo‘ladi. O‘sha to‘silgan boshida yoyma bozori bo‘lib, yo‘l harakatini falaj va xavfli ahvolga olib kelgan . Shikoyat yuzasidan jurnalist Umidjon Mamarasulov surishtiruv olib bordi, deb xabar bermoqda Daryo.uz.

Foto: Rustam Eshonov

Ko‘chamizga kiraverishdagi tayyor katta ko‘chani yo‘q qilib, u yerga qandaydir plitkalar yotqizib, favvoralar o‘rnatib, dam oladigan joyga aylantirmoqchi bo‘lishdi. Lekin hozir mashina tugul piyoda o‘tishning ham iloji yo‘q. Shuning uchun bu yer odamlarga juda noqulay bo‘lib qoldi. Ko‘chani asl holiga qaytarilishini butun mahalla aholisi xohlaydi. Mana ko‘ring, hozirgi holatda tez yordam, o‘t o‘chirish mashinalari bu yerdan kirishga juda qiynaladi. Aylanib keladigan bo‘lsa, juda uzoq bo‘lib ketadi. Yetib kelgunicha turli baxtsiz hodisalar bo‘lmaydi, deb kim kafolat beradi. Hech kim. Shuning uchun yo‘lni ilgarigi holatiga keltirib, ochib berishini so‘rab bir necha bor iltimos qilgandik. Ammo natija yo‘q , deydi Tolibjon Sodiqov.

Qizil chiziqda ko‘chani to‘sib savdo qilayotgan savdogarlar egallab olgan joylar ko‘rsatilgan.
Skrinshot: Google Maps

Juda ko‘p harakat qildik, ammo ochilmadi, deya fikr bildirdi Jumavoy Rayimqulov. Fuqarolarimizning barchasi berkilganligi uchun qarshi. Ochib berishsa yaxshi bo‘lardi. Mana o‘tgan yili qo‘shnimizning uyi yondi. O‘t o‘chiruvchilar aylanib kelgunicha ko‘p talofat ko‘rdi .

Odinaxon Jo‘raboyeva.
Foto: Rustam Eshonov

Asaka ko‘chasi 46-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Odinaxon Jo‘raboyevaning ma’lum qilishicha, bir yil avval uyiga o‘t ketgan. O‘t o‘chiruvchilar yetib aylanib kelguncha katta talafot ko‘rgan. O‘tgan yilning sentyabr oyida tungi soat 1:30 lar atrofida xonadonimizda to‘satdan yong‘in chiqib ketdi, sababini bilmaymiz. O‘t o‘chiruvchilar ko‘cha boshining berkligi sabab ko‘chanining narigi tomonidan aylanib, yetib kelgunicha ko‘p narsamiz yonib bo‘lgan edi. Katta talofat ko‘rganmiz. Bo‘lmasam yong‘in xavfsizligi bo‘limi narigi ko‘chada, ro‘paramizda joylashgan , deydi Odinaxon Jo‘raboyeva.

Alisher Xoliqov.
Foto: Rustam Eshonov

Bozorimiz qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilganiga ikki oy bo‘ldi, deydi Asaka dehqon (oziq-ovqat) bozori rahbari Alisher Xoliqov. Hozirda 690 ta rastamiz bor. Bunda asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish rejalashtirilgan. Lekin rastalar tadbirkorlar ozligi uchun hali to‘lig‘icha shakllangani yo‘q. Tadbirkorlarning ko‘pchiligi buyum bozori va bozordan tashqarida savdo qilmoqda.

Foto: Rustam Eshonov

Ularni bozor hududiga olib kirayapmiz. Biroq viloyat hokimi tomonidan joy uchun belgilab berilgan narxlar bo‘yicha badal pullarini olsak, Og‘irlik qilayapti, qimmat tushayapti deb ko‘chaga chiqib olyapti. Sababi ko‘chadagi tadbirkorlar tomonidan tashkillashtirilgan joylarda arzongina pul to‘lab, yoki to‘lamasdan hech qanday ruxsatnomasiz, noqonuniy tarzda o‘tirishibdi. Shuning uchun ular bozor hududida o‘tirishni istamayapti.

Olib kirish bo‘yicha ko‘p marotaba harakat qilingan. Tez kunlarda olib kirib, bozorimiz faoliyatini yo‘lga solib olamiz degan umiddamiz. Yana bir narsa, shu ko‘cha asosiy yo‘l qilib ochilmaguncha tadbirkorlarni olib kirish imkoniyati bo‘lmaydi .

Foto: Rustam Eshonov

Asaka dehqon (oziq-ovqat) bozoriga kirish yo‘li obodonlashtirish, shuningdek aholiga qulayliklar yaratish maqsadida tuman hokimi Tohir Shovvozovning 2016 yil 20 iyuldagi farmoyishi bilan tadbirkorlarga berilgan (Tohir Shovvozov 2017 yilning iyulida lavozimidan ozod qilingan tahririyat). Farmoyishda Oydinoy Dadajanova, Rohatoy Egamberdiyeva, Maqsudjon Sobirovlarga belgilangan tartibda har biriga 600 kvadrat metrdan yer maydoniga favvora qurish, atrofini obodonlashtirib, muzqaymoq va salqin ichimliklar sotish joyi tashkil qilishga ruxsat berilgan. Bu yerda savdo qilayotganlar uchun bir necha bor tushuntirish va ogohlantirish ishlari olib borilgan. Shunday bo‘lsa-da, hammasi yana o‘zboshimchalik bilan turib olyapti. Tepadan tadbirkorlarga tegma degani uchun birorta chora ko‘rolmaymiz. Shuning uchun ular bilganini qilishmoqda. Davlat ro‘yxatidan o‘t desak unamaydi, o‘z bilganidan qolmaydi , deydi davlat soliq inspeksiyasi hududiy inspektori Baxtiyorjon Arziyev.

Asaka tumani hokimining farmoyishi

Bu yerga har birimiz kamida 150 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflaganmiz, deydi tadbirkor Rohatoy Egamberdiyevaning o‘g‘li Avazbek Egamberdiyev. Ochilishiga tuman hokimining o‘zi kelgan. Avvaliga yaxshigina faoliyat yuritdik. Bozor qurilishi boshlangandan keyin hamma ko‘chada savdo qilishga o‘tib oldi. Bitgach haydasak ham foydasi bo‘lmayapti. Aksincha kechasi do‘konimiz oynasini sindirib qochishyapti. Shundan bezib biror narsa deyolmayapmiz. Bugun bularni haydasangiz, ertaga yoymachi savdogarlar chiqib oladi. Yana tirbandlik, yana bosh og‘riq. Odam biror narsa degani ham cho‘chiydi .

Foto: Rustam Eshonov

Shu yerda turganlarning barchasining eski bozor o‘rnida joyi bor edi. Meva-sabzavot, oziq-ovqat alohida rastalarga joylashtirilsa yaxshi bo‘lardi. Lekin oziq-ovqat sotishga ruxsat yo‘q deyishmoqda. Buning sababini so‘rasak Korzinka do‘koni borligini ro‘kach qilishmoqda. Nima qilishni bilolmay qoldik. Bizga ham ayniqsa kuz-qish kunlarida ko‘chaga chiqib turish yoqmaydi , deydi sayilgohni bozorga aylantirgan savdogarlar.

Foto: Rustam Eshonov

Jaloliddin Manguberdi ko‘chamizda transportning ko‘pligidan, Damas larning turib olishi natijasida odamlarning yurishiga xalaqit bermoqda, deydi Baraka mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha mutaxassis Muxtasarxon Qosimova. Bir necha bor tumandagi uyushmalarga murojaat qildik. Reyd tadbirlari o‘tkazildi. O‘n kuncha hammasi joyiga tushib, hozir yana shunday tirbandlik, qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Prezidentimiz aholiga qanchalik yaxshi sharoit yaratib berishiga qaramasdan ular noto‘g‘ri tushuncha bilan yuribdi. Qayda bo‘lsa tirikchilik qilaman, mumkin degan tushunchaga kelib qolgan. Aslini olganda tayyor avtotransportlar uchun joy bo‘lishiga qaramasdan mumkin bo‘lmagan joylarga mashinalarini qo‘yib olishyapti. Xaridorlarning o‘tishiga to‘sqinlik qilmoqda. Avtohalokatlar yuz berishi ham mumkin-ku. Ularga tirikchiligi bo‘lsa bo‘ldi. Boshqalar bilan ishi yo‘q.

Foto: Rustam Eshonov

Bozorda o‘rta yerlarda o‘tirib savdo qilayotgan tadbirkorlarda shunaqa tushuncha borki, yerda o‘tirib savdo qilsa yaxshi bo‘ladi. Bular bozor ichiga kirib savdo qilsa o‘ziga ham, aholiga ham yaxshi bo‘ladi, aslida. Chunki turli kasalliklar tarqamaydi. Tayyor joylar qilib qo‘yildi bozor ichida, lekin aholi shu yerlarga kirib savdo qilishni istamayapti. Biz bunga ham bir necha bor chora ko‘rdik. Reyd qilindi, ko‘chma savdo do‘konlari olib tashlandi. Ammo qaysi bir kimsalar shu yerga qaytadan o‘rnashib olmoqda. Prokuraturaga, hokimlikka, kerakli joylarga shu yo‘llarni to‘g‘rilash, tirbandlikni oldini olish bo‘yicha xat chiqarganmiz.

Odamlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida tunnel qilingan, biroq tadbirkorlar u yerga ham narsalarini qo‘yib olib, ko‘pchilikka qiyinchilik tug‘dirmoqda. Natijada bozorga keluvchilar asosiy avtomobil yo‘lidan o‘tishga majbur bo‘lmoqda .

Foto: Rustam Eshonov

Tasvirga olish vaqtida tunnelda savdogarlar narsalarini yig‘ishtirib tunnelni bo‘shatishni boshlagan. Bo‘larkan-ku, shu yo‘lda ham bemalol yursa , deydi yer osti yo‘lidan o‘tayotgan yo‘lovchilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!