Xizmat ko‘rsatish sohasida amalga oshirilgan islohotlar va ularning asosiy natijasi

Xizmat ko‘rsatish sohasida amalga oshirilgan islohotlar va ularning asosiy natijasi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2017-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatish sohasida amalga oshirilgan islohotlarning asosiy natijalarini tahlil qildi.

Xizmat ko‘rsatish sohasining rivojlanishi iqtisodiy o‘sish, aholi (ayniqsa yoshlar) bandligini ta’minlash va turmush farovonligini oshirishda katta ahamiyatga ega. 2023-yil yakunlariga ko‘ra, xizmatlar sohasidagi o‘sish 6,8 foizni, sohaning YAIMdagi ulushi 43,4 foizni tashkil etdi.

So‘nggi yillarda respublikada xizmat ko‘rsatish sohasini qo‘llab-quvvatlash va jadal rivojlantirish borasida muhim qadamlar qo‘yildi. Xususan:
- “Elektron hukumat” tizimi takomillashtirildi va umumiy elektron davlat xizmatlari soni 592 taga yetdi;
- biznesni ro‘yxatga olish osonlashtirildi va xizmatlar sohasidagi kichik tadbirkorlik sub’ektlari soni 2,5 barobar ko‘paydi (2017-yildagi 128 mingtadan 2023-yilda 326 mingtaga).

Zamonaviy xizmatlarni rivojlantirishda sohaga xususiy sektorning faol jalb qilinishi o‘z samarasini berdi va tahlil qilingan davrda quyidagi o‘zgarishlar qayd etildi:
- Moliyaviy xizmatlar 7,1 marotaba oshdi. Xususiy va xorijiy banklarning sohaga jalb qilinishi ularning raqobatbardoshligini oshirdi va 2024-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra HHI indeksi 986 gacha pasaydi (2017-yil oxirida 1520 ga teng bo‘lgan);
- Axborot va aloqa sohasidagi xizmatlar 3,9 marotaba oshdi;
- Ta’lim sohasidagi xizmatlar 4,6 marotaba oshdi;
- Davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 1 328 taga (2017-yil oxirida 250 ta), oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 21 941 taga (2017-yil oxirida 579 ta), nodavlat umumta’lim muassasalari soni 194 taga (2017-yil oxirida 39 ta), nodavlat oliy ta’lim muassasalari soni 194 taga (2017-yil oxirida 1 ta), xorijiy oliy ta’lim muassasalari soni 28 taga (2017-yil oxirida 7 ta) yetdi;
- Sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar 5,0 marotaba oshdi va hozirgi kunda 8200 ta xususiy tibbiyot muassasasi faoliyat yuritmoqda (2017-yil oxirida 4000 ta edi).

O‘zbekiston Respublikasida xizmatlar sohasini yanada rivojlantirish maqsadida "O‘zbekiston-2030" strategiyasida bir qator maqsadlar belgilab olingan. Jumladan:
- hududlarda xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini rivojlantirish orqali xizmat ko‘rsatish hajmini 3 baravarga oshirish;
- o‘rta va yirik shaharlar hamda aholisi 300 mingdan ko‘p bo‘lgan tumanlarda zamonaviy bozor xizmatlari, IT, ta’lim, tibbiyot, yuridik, san’at, turizm, mehmonxona va umumiy ovqatlanish hamda transport xizmatlarini rivojlantirish;
- shaharsozlik loyihalari asosida zarur infratuzilmasi mavjud va aholi gavjum bo‘lgan ko‘chalarning 233 mingta bo‘sh yer maydonlarini auksion savdolariga chiqarish orqali savdo, maishiy, sayilgoh va ko‘ngilochar xizmatlarni rivojlantirish;
- o‘rta va yirik shaharlarning markazlarida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan markaziy ko‘chalarni tashkil etish orqali 36 mingta savdo va servis ob’ektlarini tashkil etish;
- «Yangi O‘zbekiston» massivlarida va xalqaro avtomobil yo‘llari bo‘yida 6 mingta savdo va servis ob’ektlarini qurish;
- yetakchi loyiha tashkilotlarini jalb qilib, bozorlarni zamonaviy, qulay barcha xavfsizlik talablariga javob beradigan savdo komplekslariga aylantirish.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!