Xalqaro avtomobil federasiyasi prezidenti Samarqandga keldi

Xalqaro avtomobil federasiyasi prezidenti Samarqandga keldi

Ro‘yi zamin sayqali Samarqand Markaziy Osiyoda ilk bor Xalqaro avtomobil federasiyasining Konferensiyasiga mezbonlik qiladi
Ko‘hna Samarqand shahri 10-13 iyun kunlari Xalqaro avtomobil federasiyasi (FIA) ning navbatdan tashqari Bosh Assambleyasiga mezbonlik qiladi. Ma’lumot uchun, FIA – Xalqaro avtomobil federasiyasi 1904 yil tashkil topgan bo‘lib, kartingdan tortib, Formula-1 bolidlarigacha bo‘lgan avtopoygalarni o‘tkazishga mas’ul tashkilot hisoblanadi.

Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor o‘tkazilayotgan Konferensiya doirasida FIA tashkil etilganining 120 yilligi ham keng nishonlanadi. Qolaversa, ushbu nufuzli tadbirda ishtirok etish uchun 147 mamlakatdan 500 nafardan ortiq martabali mehmonlar, milliy federasiyalar rahbariyati va dunyoning taniqli poygachilari mamlakatimizga tashrif buyurishadi. Xususan, tadbirning eng nufuzli mehmoni hisoblangan FIA Prezidenti Muhammad Ahmad ben Sulayem Samarqandga yetib keldi. Martabali mehmonni viloyat hokimi Erkin Turdimov, Osiyo Olimpiya kengashi vise-prezidenti Otabek Umarov, MOQ hamda O‘zbekiston avtosport va karting milliy federasiyasi rahbariyati qarshi olishdi.

Bo‘lajak tadbir doirasida FIA rahbari tashabbusi bilan tashkilot jamg‘armasi, shuningdek, dunyodagi taniqli kolleksionerlar ko‘magida eng ajoyib superkarlar to‘plamini o‘z ichiga olgan noyob avtoko‘rgazma tashkil etiladi. Dasturga muvofiq, joriy yilning 13 iyun kuniga qadar sohada erishilgan yutuqlar bilan tajriba almashish maqsadida turli seminarlar, ko‘rgazma va davra suhbatlari, musobaqalar o‘tkaziladi. Konferensiyaning so‘nggi kunida FIA ning navbatdan tashqari Bosh Assambleyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tadbirning asosiy tashkilotchisi O‘zbekiston avtosport va karting milliy federasiyasi hisoblanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!