Xalq demokratik partiyasi saylovda ishtirok etish bo‘yicha qaror qabul qildi

Xalq demokratik partiyasi saylovda ishtirok etish bo‘yicha qaror qabul qildi

Bugun, 27 iyul kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining IX plenumi bo‘lib o‘tdi.

Unda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlangani e’lon qilinishi munosabati bilan partiyaning ushbu saylovda ishtirok etishi bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.

Plenumda partiya yetakchisi Ulug‘bek Inoyatov ma’ruza qilib, joriy yilgi saylovlar mutlaqo yangicha – aralash saylov tizimi asosida bo‘lib o‘tayotgani, bu esa siyosiy partiyalardan yanada faollikni talab qilishini qayd etdi:

–Yangilangan Konstitusiyamiz, Saylov kodeksiga muvofiq mamlakatimizda ilk bor aralash tizimda o‘tadigan saylov Xalq demokratik partiyasi uchun jamiyatimizdagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy masalalar bo‘yicha yangi taklif-tashabbuslarni ilgari surish, partiyaviy dasturlarni takomillashtirish, xalqimiz xohish-irodasini bilish, ko‘proq deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritishga sharoit yaratadi. Mazkur siyosiy jarayonda partiyaning faol va munosib ishtirokini ta’minlash maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda barcha chora-tadbirlarni ko‘rishimiz lozim, – dedi partiya raisi.

Plenumda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining saylovda ishtirok etishi haqida yakdil qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasiga joriy yilgi parlament quyi palatasi va xalq deputatlari Kengashlariga saylov kampaniyasida partiyaning ishtirok etishi bo‘yicha Saylov kodeksiga muvofiq ariza topshirilishi qayd etildi.

Shuningdek, saylov kampaniyasi davrida barcha tashkiliy-huquqiy ishlarni qat’iy reja asosida, mas’uliyat bilan tashkil etish maqsadida partiya Markaziy saylov shtabini tuzish haqida qaror qabul qilindi. Shtabning vazifa va vakolatlari belgilandi.

Shuningdek, viloyat, tuman va shahar partiya kengashlarining saylov shtablarini tuzish va ularning samarali faoliyat yuritishini tashkil qilish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.

Xalq demokratik partiyasi saylovga qizg‘in va tizimli tayyorgarlik ko‘rishini, mamlakatimizning barcha hududlarida partiya yetakchilari, faollar va ko‘p ming sonli xayrixohlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, o‘tgan yillardagi faoliyat tanqidiy tahlil qilinishi hamda yangi takliflar olinishi ko‘rsatib o‘tildi.

Kampaniyada partiyaning faol va munosib ishtirokini ta’minlash maqsadida asosiy tadbirlarning kalendar rejasi tasdiqlandi.

Plenumda ko‘rib chiqilgan masalalar va qabul qilingan qarorlar haqida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov maxsus bayonot berdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!