“Women in Tech” endi O‘zbekistonda

“Women in Tech” endi O‘zbekistonda

«Women in Tech» notijorat tashkiloti xotin-qizlarning fan va texnologiyalar sohasida muvaffaqiyatga erishishlarida qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Tashkilotning bosh ofisi Parijda joylashgan, shuningdek, 48 mamlakatda filiallari mavjud.

Markaziy Osiyo davlatlari ichida, birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda «Women in Tech» tashkiloti o‘z faoliyatini boshlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida tashkil etilayotgan ushbu tadbir zamonaviy kasblarda xotin-qizlar salohiyatini ochib berishga qaratilgan "Women in Tech" tashkilotining mamlakatimizdagi reja va loyihalari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

Ochilish marosimida maxsus mehmon - xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha xalqaro ekspert, PauseFest, TEDx Ist, UFM Business Forum, GMI Summit va LEAP kabi global tadbirlar ishtirokchisi, "Women in Tech" Global kompaniyasi asoschisi Ayumi Mur Aoki ham qatnashadi. Ma’lumot o‘rnida, u dunyodagi TOP 100 nafar yetakchi ayollar ro‘yxatiga kiritilgan.

Tadbir doirasida O‘zbekistondagi ayollar va qizlar uchun mazkur sohalardagi imkoniyatlarning yillik rejasi taqdimoti, Maslahatchilar kengashi taqdimoti hamda ushbu Kengash vakillari bilan texnologiya sohasidagi imkoniyatlar va muammolar, jumladan, gender masalalari yuzasidan panel muhokamalar o‘tkaziladi. Bundan tashqari, O‘zbekistondagi yetakchi texnologiya kompaniyalari muvaffaqiyatga erishish yo‘lidagi o‘z tajribalari bilan bo‘lishishadi.

Shuningdek, IT va boshqa sohalarda muvafaqqiyatga erishgan insonlar bilan suhbatlashish, yig‘ilganlar bilan o‘zaro fikr almashish imkoniyati mavjud.

Tadbir dasturidan madaniy chiqishlar ham o‘rin olgan. Interaktiv tarzda o‘tkaziladigan ushbu marosimda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan bir qatorda, eng yaxshi savol egasi sifatida e’tirof etilib, sovg‘alar qo‘lga kiritishlari mumkin.

Tadbir 2 mart kuni soat 11:00 da Toshkent shahrida O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi konferensiyalar zalida bo‘lib o‘tadi.

Ro‘yxatga olish 2024 yil 28 fevralga qadar davom etadi.

https://t.me/womenintechuz_bot orqali oldindan ro‘yxatdan o‘tib, tadbirda ishtirok etishingiz mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!