“Hunarmandchilik ko‘rgazmasi” festivali tashkil etildi
Suzuk Ota mahallasi aholisi ko‘p asrlar davomida o‘z mahorati va bilimlarini avloddan-avlodga o‘tkazib, otabobolarining ishini davom ettirib kelmoqda. Ushbu hunarmandlar halol mehnat va mahoratlari ortidan o‘z oilalarini boqadilar va qadimiy hunarmandchilik san’atini saqlashga hissa qo‘shib kelmoqdalar.
2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Suzuk Ota mahallasiga tashrif buyurib, maqbara va masjidni rekonstruksiya qilish, unga tutash hududni obodonlashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan. Tarixiy inshootning ta’mirlash ishlari masjid va maqbarani yagona memorial-diniy majmuaga birlashtirishga qaratilgan bo‘lgan. Majmuaning atrofidagi maydon yaxshilab tozalanib, avtoturargoh qurib bitkazildi. 2019-yilda barcha ishlar yakunlandi, shu jumladan yodgorlik majmuasi atrofida joylashgan 34 ta ikki qavatli hunarmandlar uylari qurildi. Mohir ustalar bugungi kungacha majmuada ish olib bormoqdalar, ular o‘z bilimlari, kasb sirlari va hunarmandchilikning nozik tomonlarini kelajak avlodga yetkazishda davom etmoqdalar.
Joriy yilning 26-sentyabr kuni “Suzuk Ota” majmuasi Hunarmandlar mahallasida tashkil etilgan “Hunarmandchilik ko‘rgazmasi” festivali tashkil etildi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Niyazov festival ishtirokchilari va mehmonlarni qutlab, bugungi kunda mamlakatimizga dunyo nazari tushayotgan bir davrda, yurtimizning mavjud salohiyati jumladan hunarmandchiligi, ishlab chiqarish hamda milliy hunarmandchilik maktabi mavjudligi keng jamoatchilikni, xorijiy mehmonlarni o‘ziga jalb qilishidagi katta omil ekanligini ta’kidladilar. “Yurtimizda ichki sayyohlar sonini ortishida Hunarmandlar, milliy ishlab chiqaruvchilar va ko‘plab tashkilotlarimizni hissalari katta, ularga alohida o‘z minatdorchiligimizni bildiramiz. Ularning sa’y harakati natijasida poytaxtimizga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 2 million 098 ming nafarni hamda mahalliy sayyohlar soni 3 million 600 ming nafarni tashkil qilmoqda”, - dedi S.Niyazov.
Festival doirasida kulolchilik, zargarlik, pichoqchilik, gilamdo‘zlik, do‘ppido‘zlik, kashtachilik va to‘qimachilik kabi hunarmandchilik yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatayotgan mohir ustalarning ijodiy ishlari, qo‘l mehnati namunalari namoyish etildi.
Shuningdek, ko‘rgazma doirasida hunarmandlarning mahorat darslari, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar, konsert dasturlari ham o‘tkazildi.