AQShning Iroqdagi ishi tugadi: amerikaliklar Kurdistonga ko‘chib o‘tadi
Qo‘shma Shtatlar Iroq hukumati bilan "harbiy missiya"sini kelasi yil boshida tugatish to‘g‘risida kelishuvga erishganini e’lon qildi.
«Amerika Ovozi»ning xabar berishicha, Amerika qo‘shinlari mamlakatda yigirma yillik harbiy mavjudlik davomida egallab olgan bazalarini tark etadi.
Ammo prezident Bayden ma’muriyati Iroqda xizmat qilayotgan 2500 ga yaqin amerikalik askardan qanchasi qolishi haqida batafsil ma’lumot berishdan yoki bu mamlakatdan butunlay chiqib ketishni anglatishini tan olishdan bosh tortdi.
Pentagon matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singx jurnalistlarga batafsil ma’lumot bermasdan, “Bizning mamlakatdagi (Iroq) mavjudligimiz o‘zgaradi, deyish adolatli, deb o‘ylaymanʼ, dedi.
Juma kuni jurnalistlarga brifing bergan AQSh rasmiylari kelishuv qo‘shinlarni ikki bosqichli olib chiqib ketishga olib kelishini, birinchisi shu oy boshlanganini aytdi. 2025 yilning sentyabrigacha davom etadigan bu bosqichda kuchlar bir qancha eski bazalarni tark etadi.
Associated Press agentligiga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan Iroq hukumati rasmiylariga ko‘ra, noyabr oyidagi saylovlardan so‘ng AQSh qo‘shinlari Iroq g‘arbidagi Ayn al-Asad havo bazasi va Bag‘dod xalqaro aeroportini tark etishni boshlaydi. Bu kuchlar Erbildagi (Iroq Kurdistonidagi) Harir bazasiga o‘tadi.
Ikkinchi bosqichda AQSh 2026 yilgacha qandaydir shaklda faoliyatini davom ettiradi.
Iroq rasmiylari, Kurdiston mintaqaviy hukumati ularning qolishini istagani uchun 2026 yildan keyin ham AQShning ba’zi kuchlari Harir bazasida qolishi mumkinligini taxmin qilishdi.