Xitoy va Braziliya Ukraina bo‘yicha o‘zlarining «tinchlik rejasi»ni muhokama qilish uchun BMTda yig‘ilish o‘tkazdi. Zelenskiy uni rossiyaparast deb atadi
Xitoy va Braziliya juma kuni BMT Bosh assambleyasi doirasida Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha o‘z takliflarini muhokama qilish uchun xalqaro yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Reuters agentligi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, yig‘ilishda Braziliya, Xitoy, Indoneziya, Janubiy Afrika va Turkiya kabi 17 davlat ishtirok etdi.
Vengriya OAVlariga tayanib, «Ukrayinska pravda» gazetasining xabar berishicha, hukumati Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishda qatnashmaydigan va Rossiya bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan Vengriya ham tashabbusga qo‘shilish niyatida.
Pekin va Braziliya «Tinchlik do‘stlari» platformasini yaratish niyatida, uning ishtirokchilari uning tinchlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I yig‘ilishda urush avj olishining oldini olish, ommaviy qirg‘in qurollaridan foydalanish yoki atom elektr stansiyalariga hujumlardan qochish zarurligi to‘g‘risida kelishib olinganini aytdi, deb xabar bermoqda Reuters.
«Rossiya va Ukraina bir-biridan ajralib bo‘lmaydigan qo‘shnilar, shuning uchun ular o‘rtasidagi kelishuv yagona real variant», - dedi Van I.
G‘arb davlatlari Xitoyni Rossiyaga elektron komponentlar yetkazib berish orqali qurol ishlab chiqarishga yordam berishda va G‘arb sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlamaslikda ayblaydi. Pekin o‘zining betaraf pozisiyasida turib oldi.
Zelenskiy sentyabr oyi o‘rtalarida Braziliyaning Metropoles nashriga bergan intervyusida Braziliya va Xitoy hukumatlari tomonidan taklif etilgan tinchlik rejasi Rossiya manfaatlariga ko‘proq mos kelishi va Kiyev uchun nomaqbul bo‘lib qolayotganini aytdi. U bu tashabbusni «buzg‘unchi» deb ta’rifladi.
Xitoy va Braziliya shu yilning may oyi oxirida Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha o‘z takliflarini e’lon qilgan edi. Ular mojaroga barham berishning yagona yo‘li barcha tomonlarning teng ishtirokida tinchlik muzokaralarini olib borish ekanligini ta’kidladilar.
Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkovning aytishicha, Moskva Braziliya va Xitoy tashabbusini olqishlaydi.