O‘zbekistonda ekotizimlarni tiklash va saqlash bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanmoqda

O‘zbekistonda ekotizimlarni tiklash va saqlash bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanmoqda

6 iyun kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Global ekologik fond (GEF) va Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «Landshaftlarni tiklash va himoyalashni kompleks boshqarish» loyihasi ishga tushirilishi munosabati bilan seminar o‘tkazildi.

Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Anas Fayyod Karman, Global ekologik jamg‘arma (GEF) bosh direktori va raisi Karlos Manuel Rodriges (onlayn), Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining (IUCN) Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy idorasi direktori Oliver Avramovski (onlayn), vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

A. Abduhakimov o‘zining tabrik so‘zida mamlakatimiz hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ekologik islohotlar haqida gapirib, bu borada qo‘llab-quvvatlayotganlari uchun xorijlik hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.

«Bugun butun mamlakat bo‘ylab ekotizimlarning yo‘qolib borishi va landshaftlarga notog‘ri ta’sir ko‘rsatilayotgani kuzatilmoqda. Shu ma’noda ushbu loyiha o‘z vaqtida qabul qilingan muhim tashabbus bo‘ldi. Biz 6 ta milliy METH va 7 ta davlat o‘rmon xo‘jaligini qamrab olgan 10 ta asosiy biologik xilma-xillik zonalarida O‘zbekistonning muhofaza etiladigan tabiiy hududlari tizimini METH) mustahkamlash loyihasi qo‘llab-quvvatlanilayotganini olqishlaymiz. Asosoysi, respublika hukumatining bu sa’y-harakatlari BMTning O‘n yilligi doirasida ilgari surilgan ekotizimlarni tiklash bo‘yicha maqsadlariga mos keladi», – dedi vazir.

»Landshaftlarni tiklash va himoyalashni kompleks boshqarish« loyihasi O‘zbekiston tabiiy ekotizimlarini tiklash va barqaror boshqarish, yerlar degradasiyasi, idoralararo muvofiqlashtirish, biologik xilma-xillik va ekotizimlarni tiklash va saqlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolarga qarshi kurashda yordam berishi bilan ahamiyatlidir.

«BMTTD, IUCN va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi o‘rtasida yanada keng qamrovli hamkorlikni kengaytirish uchun GEF yondashuvini amalda qo‘llayotganini ko‘rib to‘rganimdan benihoya mamnunman. Bu nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida yerlar degradasiyasi va biologik xilma-xilliklar yo‘qolishining oldini olishga yordam berishi tayin,» dedi videomurojaatida Karlos Manuel Rodriges.

Ta’kidlash joizki, keyingi yillarda O‘zbekiston jahonning nufuzli ekologik tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlamoqda. Jumladan, joriy yilning fevral oyida mamlakatimizda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida ("Green University") Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining vakolatxonasi ochilganligi buning yaqqol dalilidir.

Tadbir davomida ishtirokchilar ushbu loyihaning O‘zbekistonda tabiatni muhofaza qilish sohasini rivojlantirish borasidagi imkoniyatlarni yanada kengaytirishini muhokama qildilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!