O‘zbekiston xokkey Federasiyasi – 6 yoshda!

O‘zbekiston xokkey Federasiyasi – 6 yoshda!

28 mart muhim sana – O‘zbekiston xokkey Federasiyasi tashkil topgan kundir.

2018 yilning aynan shu kuni O‘XF ro‘yxatga olindi, uning asosiy maqsadi O‘zbekistonda xokkeyni rivojlantirishdir. 2019 - yil sentyabr oyida O‘XF Xalqaro xokkey federasiyasi — IIHFga a’zo bo‘ldi.

Federasiyaning asosiy vazifalari:

— Bolalar va o‘smirlar xokkey maktablarini rivojlantirish;
— O‘zbekiston terma jamoalarining xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi;
— Xokkey bo‘yicha xalqaro turnirlarni o‘tkazish;
— Sportchilar va murabbiylarning tayyorgarlik darajasini oshirish.

Ayni paytda O‘zbekistonda to‘rtta bolalar va o‘smirlar xokkey maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan uchtasi Toshkent shahrida joylashgan – «Humo», «Binokor» va «Snejniy Bars». Samarqand shahridagi yana bir maktab — «Sherdor» ham yosh xokkeychilarni tarbiyalaydi. Hozir O‘zbekistonda jami to‘rt yuzdan ortiq bolalar va o‘smirlar xokkey bilan shug‘ullanmoqda.

O‘XF ko‘magida «Humo» xokkey klubi negizida to‘liq sport vertikali – boshlang‘ich tayyorgarlik guruhlaridan ustalar jamoasi va miliy terma jamoasini yaratish loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihani amalga oshirish uchun xokkeychilarni tayyorlash dasturi maxsus ishlab chiqilgan bo‘lib, xokkey bo‘yicha xorijlik mutaxassislarni jalb etish, jumladan, 6 nafar rossiyalik, 2 nafar qozog‘istonlik va 2 nafar o‘zbekistonlikdan iborat murabbiylar shtabi shakllantirildi.

«Humo» xokkey klubi uch mavsumni professional ligalarda o‘tkazgan. Rossiya Oliy xokkey ligasining 2019/2020 - yilgi o‘zi uchun birinchi mavsumida u 7267 tomoshabin yig‘ib, ilk rekordini o‘rnatdi, 34 jamoa ichida 8-o‘rinni egalladi. Qozog‘istonning Pro Hokei Ligasida 2022/2023 va 2023/2024 - yilgi mavsumlarda ular muntazam chempionatda ikkinchi o‘rinni, mavsum yakunida esa mos ravishda ikkinchi va beshinchi o‘rinlarni egallashdi. 2023 yil avgust oyida «Humo» tarixdagi ilk rasmiy kubogi – Qozog‘iston kubogini qo‘lga kiritdi. Har mavsumda uy uchrashuvlariga tashrif buyurish rekordi yangilandi - 7373 va 7684 tomoshabin.

Mamlakatimiz o‘zining ichki chempionatini o‘tkazadi. O‘tgan mavsumda O‘zbekiston chempionatida to‘rtta jamoa ishtirok etgan va Toshkentning «Feniks» jamoasi chempion bo‘lgan edi. Joriy 2023/2024 yilgi mavsumda chempionatda Toshkent va Samarqandning oltita jamoasi ishtirok etmoqda, ayni damda turnir jadvalida «Binokor» yetakchilik qilmoqda.

O‘zbekiston xokkey Federasiyasi negizida hakamlar maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. 20 dan ortiq kishi ushbu maktab bitiruvchisi bo‘ldi. Jiddiy muvaffaqiyatlar ham bor. Uch nafar hakam Xalqaro xokkey Federasiyasidan sertifikatini oldi. Donish Sa’dullayev, David Prokofev va Sergey Yermakovlar xalqaro musobaqalarda hakamlik qilishmoqda.

Federasiya tomonidan olti yil davomida olib borilgan tizimli ishlar o‘z samarasini bermoqda. Qozog‘iston respublika Chempionatida 15U va 17U yoshlardan iborat ikkita terma jamoa ishtirok etmoqda. 2023 yil yanvar oyida O‘zbekiston havaskorlar terma jamoasi Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan Islom mamlakatlari turnirida Xokkey bo‘yicha Qozon kubogini qo‘lga kiritdi. 2023 yil fevral oyida 2006-2007 yillarda tug‘ilgan xokkeychilardan iborat O‘zbekiston terma jamoasi Rossiya Federasiyasining Kuzbass shahrida bo‘lib o‘tgan II Qishki xalqaro Osiyo bolalari o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdi. 2023 yil mart oyida butunlay o‘zbekistonliklardan tashkil topgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi birinchi marta Mo‘g‘uliston poytaxtida IIHF boshchiligida o‘tkazilgan 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Okeaniya chempionatida ishtirok etdi. Ulan-Bator shahrida Mo‘g‘uliston va Turkmaniston, Tailand, BAA va Eron terma jamoalarini mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Shu kuni aytish kerakki, 2024 - yilning 23 - aprelidan 30 - apreliga qadar aynan O‘zbekiston, xususan, Toshkent va Samarqand shaharlarida 18 yoshgacha bo‘lgan xokkeychilar o‘rtasida Osiyo va Okeaniya chempionati bo‘lib o‘tadi. Bu yil chempionatda o‘z mamlakatlaridan 10 nafar o‘smirlar jamoasi ishtirok etadi. Federasiyamiz uchun bunday saviyadagi turnirga mezbonlik qilish katta sharaf va katta vazifadir. Biz barcha O‘zbekiston aholisini yirik xalqaro turnir o‘yinlariga tashrif buyurishga va chempionlik unvonini himoya qiladigan jamoamizni qo‘llab-quvvatlashga taklif qilamiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!