O‘zbekiston va Belarus Oliy sudlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi

O‘zbekiston va Belarus Oliy sudlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov Belarus Respublikasi Oliy sudi raisi Valentin Sukalo bilan uchrashdi.

Muloqot davomida ikki mamlakat Oliy sudlari o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni mustahkamlashga e’tibor qaratildi.

Taraflar sud-huquq sohasida samarali idoralararo hamkorlik uchun mavjud salohiyat va imkoniyatlar yaratilganligiga alohida e’tibor berib, o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Xususan, fuqarolik, iqtisodiy, mehnat, oilaviy va jinoyat ishlari bo‘yicha odil sudlovni amalga oshirish borasidagi hamkorlikni rivojlantirishga doir dolzarb masalalar muhokama etildi.

Sud sohasiga doir qonun hujjatlariga oid ma’lumotlar hamda sudlar faoliyatida axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish yuzasidan tajriba almashish bo‘yicha mulohazalar bildirildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi Oliy sudlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Ushbu hujjat hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va takomillashtirishga huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi hamda ikki tomonlama sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarishga mustahkam zamin yaratishi ta’kidlandi.

Mehmon Oliy sud muzeyining eksponatlari va plenum majlislari zali bilan ham tanishdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!