O‘zbekiston hududlaridagi buddaviylik merosi Xitoyda taqdim etildi

O‘zbekiston hududlaridagi buddaviylik merosi Xitoyda taqdim etildi

Buddizm an’analariga muvofiq Pekindagi Guanszi ibodatxonasida Buddaning tug‘ilgan kunini nishonlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda Xitoy Buddaviylik assosiasiyasi raisi Yan Szyue mamlakat bo‘ylab barcha buddistlar jamoasiga bayram tabrigi yo‘llagani holda buddaviylikning kelib chiqish tarixi, taraqqiy etishi va bugungi kunda Xitoy jamiyatidagi roli haqida atroflicha so‘zlab berdi.

Tadbirda Xitoy din ishlari bo‘yicha davlat boshqarmasi rahbariyati, Pekindagi 30 ga yaqin chet el diplomatik vakolatxonalari, OAV vakillari hamda mamlakatning turli hududlaridan kelgan 5000 dan ziyod buddistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Xitoy buddistlar assosiasiyasi raisi va tadbir ishtirokchilarini qadimgi O‘zbekistondagi buddaviylik va yurtimiz buddaviylik yodgorliklari bilan batafsil tanishtirdilar. Shuningdek, yurtimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash va borasida olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil so‘zlab berildi.

Xususan, 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham millatlararo totuvlik munosabatlarini mustahkamlash vazifalari belgilangani qayd etildi. Hozirgi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya, 2200 dan ortiq diniy tashkilotlar diniy bag‘rikenglik asoslariga rioya qilgan holda o‘zaro tinch-totuvlikda yashab kelayotgani ma’lum qilindi.

O‘z navbatida, Xitoy buddistlar assosiasiyasi raisi Yan Szyue mamlakatimiz va xalqimiz haqida ko‘plab ijobiy fikrlar eshitganini ta’kidlab, O‘zbekistonning tinchligi va barqarorligi hamda uning xalqaro maydonda ortib borayotgan obro‘-e’tibori va muvaffaqiyatlarini yuqori baholadi.

Tadbir so‘nggida Xitoy tomoniga mamlakatimizda joylashgan buddizm obidalariga bag‘ishlab chop etilgan xitoy tilidagi broshyuralar taqdim etildi, shuningdek, Assosiasiya vakillari O‘zbekistonga taklif qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!