O‘limidan Yevropa xursand bo‘lgan yengilmas qo‘mondon

O‘limidan Yevropa xursand bo‘lgan yengilmas  qo‘mondon

Ispaniya hukumati Hojib Mansur ibn Abu Omir rohimahullohning vafot etganiga 1000 yil to‘lgani munosabati bilan 2002 yilda marka chop qildi.

Hojib Mansur ibn Abu Omir kim?

Bu zot haqida eshitganmisiz?

Bu qo‘mondon biror-bir jangda mag‘lub bo‘lmagan. Hojib Mansur vafot etganida butun Yevropa xursand bo‘lgan ekan.

  Tarixchilar u kishi haqida shunday yozishadi:

  «Hojib Mansur vafot qilganida butun Yevropa xursand bo‘ldi. Hatto ularning qo‘mondoni Alfonso Mansurning qabri ustiga chodir o‘rnatib, qabr ustiga taxtini qo‘yib unga o‘tirib shunday degan edi:

-Ko‘rayapsizmi, bugun men butun musulmonlar va arablar yurtiga ega bo‘ldim. Ularning eng katta qo‘mondonining qabri ustiga o‘tirdim. O‘sha yerda o‘tirganlardan biri Alfonsoga dedi: «Agar bu qabr egasi hozir nafas olib yuborsa bizdan hech birimiz tirik qolmas edik»!

Uning bu gapidan Alfonso g‘azablanib qilichini qinidan sug‘urdi va uni o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Ammo Alfonsoning xotini uning qo‘lidan tutib dedi: «U to‘g‘ri aytayapti. Endi biz uning qabri ustida uxlaganimizdan faxrlanamizmi?! Qasam ichamanki, bu narsa ham uning sharafini ziyoda qiladi. Hatto o‘lganidan so‘ng ham biz uni mag‘lub qila olmagan bo‘lamiz. Tarix u o‘lganidan keyin ham bizni qabih ishimiz tufayli, podshohlar taxti ostida uxlaganini aytib, unga yana bir g‘alaba yozadi».

Hojib Mansur hijriy 326 sanada Ispaniyaning janubida tavallud topdi. U musulmon lashkarlari safiga ko‘ngillilardan bo‘lib qo‘shildi. U kuchli shijoati sabab Qurtuba mirshablarining boshlig‘i bo‘ldi. So‘ngra aqlli inson bo‘lganligi uchun Andalus hokimlariga maslahatchi bo‘ldi. Keyinroq Andalus amiri va qo‘shin qo‘mondoni bo‘ldi. U Islom lashkarlari bilan 50 dan ortiq jangga kirishdi. Barida g‘olib bo‘ldi. Uning bayrog‘i hech qachon pastga tushmagan. Uning qadamlari oldin hech bir musulmon qadami bosmagan yerlarni bosdi.

Uning eng katta g‘alabasi Leon jangidagi g‘alabasi bo‘lgan. Bu jangda butun Yevropa qo‘shini Leon qo‘shini bilan birlashgan. Bu davlatlarning aksar qo‘mondonlari qatl qilingan. Qolganlari asir olingan. U yerda azon aytilgan.

Hojib Mansur har-bir jangidan so‘ng kiyimlaridagi changni jamlar va uni bir shisha idishga solib qo‘yar edi. U vafot qilganida qiyomatda hujjat bo‘lishi uchun o‘zi bilan ko‘mishlarini vasiyat qildi.

Hojib Mansur Yevropaliklar qo‘mondonlarni qatl qilgani uchun ushbu yurt xalqlari uni yomon ko‘rishar edi. U 25 yil Yevropaliklar bilan jang qildi. O‘zi ham tin olmadi, ularga ham tinchlik bermadi.

U otidan faqatgina boshqasiga minish uchun tushar edi. U qasrda emas, jang maydonida vafot qilishni orzu qilar edi. U orzu qilganidek Fransiya g‘azoti yo‘lida vafot etdi. Yoshi oltmishda edi. Shundan 25 yilini fath, jihod va yurishlarda o‘tkazdi.

Ispaniya uning vafot qilganiga 1000 yil to‘lishi bilan marka chop qildi. Biz esa hatto uni tanimaymiz. Qanchalar unutuvchan ummatmiz!

Manba: تاريخ المسلمين وآثارهم في الأندلس

 الاندلس من الفتح إلى السقوط

Tarixul Muslimiyn va asaruhum fil Andalus

(Andalus: Fathdan qulashgacha)

Abdulqodir Polvonov


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!