Britaniya yangi radio to‘lqinli qurolni sinovdan o‘tkazdi

Britaniya askarlari radio to‘lqinli qurol yordamida dronlarni urib tushirdi.
Buyuk Britaniyada ishlab chiqarilgan ko‘rinmas, radio to‘lqinli qurol birinchi marta dronlarni urib tushirdi.
Sinov G‘arbiy Uels hududida bo‘lib o‘tdi va bu Buyuk Britaniya armiyasi tomonidan o‘tkazilgan eng yirik sinov mashg‘ulotlaridan biri bo‘ldi.
Hukumat hozirgacha RF DEW (radiochastotali yo‘naltirilgan energiya quroli) tadqiqot va ishlanmalariga 40 million funt sterlingdan ortiq mablag‘ ajratgan. Ushbu loyiha Shimoliy Irlandiya va Angliyaning janubi-sharqiy hududlarida 135 nafar yuqori malakali mutaxassisni ish bilan ta’minlamoqda.
Qurol yuqori chastotali radio to‘lqinlar orqali dronlarning ichidagi muhim elektron qismlarni ishdan chiqaradi yoki shikastlaydi, bu esa ularning qulashiga yoki nosoz ishlashiga olib keladi.
Agar bu texnologiya harbiy xizmatga joriy etilsa, har bir zarba taxminan 10 penniga (1 penni = 1/100 funt sterling) tushadi va bu an’anaviy raketalarga asoslangan havo mudofaa tizimlariga nisbatan arzon va samarali yechim bo‘lishi mumkin.
Hozirgi sharoitda bu kabi qurollar juda muhim, chunki Ukrainadagi urushda hozirgacha 18 000 dan ortiq dron yordamida hujumlar amalga oshirilgan.
Hukumat ushbu qurol ishlab chiqarilishini sezilarli darajada kengaytirishni rejalashtirmoqda va yangi texnologiyalarga ajratiladigan mablag‘ni 2025–2026 yillarda kamida 10 foizga oshirmoqchi.
Serjant Mers radio to‘lqinli qurol yordamida dronlarni urib tushirgan birinchi britaniyalik askar sifatida e’tirof etildi.