AQSh bilan savdo urushi Yevropa Ittifoqiga 1,1 trillion yevroga tushadi

AQSh bilan 2025-2028 yillar uchun mo‘ljallangan tarif urushi birgina Germaniyaga yillik yalpi ichki mahsulotning 1,6 foizi – 290 milliard yevroga tushishi taxmin qilinmoqda.
Butun Yevropa Ittifoqining bu jarayondagi xarajati esa 1,1 trillion yevroni tashkil qilishi mumkin. Shu bois tomonlar savdo siyosati borasida jiddiy muzokara olib bormoqda.
Bu raqamlar Prezident Donald Tramp tashabbusi bilan boj siyosatida olib borilgan islohotlar natijasida yuzaga kelgan. Germaniya iqtisodiyot instituti ommaga taqdim etgan tahliliy ma’lumotda ayni jarayon rivojlanayotgan mamlakatlarga ko‘proq zarar keltirishi, ba’zi yurtlar o‘sish sur’atida keskin yo‘qotishga duchor bo‘lishi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, 12 mart kuni Qo‘shma Shtatlar ko‘hna qit’adan kirib boradigan 25 milliard yevrolik po‘lat va alyuminiyga 25 foizlik boj joriy qildi. Bryussel 22 milliard yevrolik AQSh importiga javob tarifini tayyorladi. Bu ikki bosqichda kuchga kiradi: 15 aprel va 15 may. 2 aprel kuni Tramp 200 dan ortiq mamlakatga nisbatan “oyna” tarifi joriy etilishini bildirdi. YEI uchun bu ko‘rsatkich 20 foiz. Mazkur chora kuchga kirishi arafasida AQSh 90 kunlik tinish e’lon qildi. Bu vaqt davomida 10 foizlik bazaviy stavka amal qiladi. Bryussel ham ayni chog‘ javob chorasi amaliyotini keyinga qoldirdi.
“Corriere della Sera” nashri yozishicha, hozir Bryussel va Vashington savdo siyosati bo‘yicha muzokara olib bormoqda. Xususan, Yevropa Ittifoqi xarid qilinayotgan Amerika suyultirilgan gazini ko‘paytirish, shuningdek AQShdan qurol olib, qayta qurollanish uchun moliyaviy vositani kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.