Rossiya Oliy sudi Tolibonni terror tashkilotlari ro‘yxatidan chiqardi

Afg‘onistonning “Tolibon” harakati Rossiyada tasdiqlangan terror tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarilgan birinchi nom bo‘ldi. Bu harakat faoliyati RF hududida 20 yildan ko‘proq vaqt taqiqlangan edi.
RBK nashri xabarida aytilishicha, Rossiya Oliy sudi Bosh prokuraturaning “Tolibon” faoliyatiga taqiqni bekor qilish to‘g‘risidagi da’vosini qanoatlantirgan.
Majlis yopiq tartibda o‘tkazilgan. Matbuotda faqat qarorni e’lon qilishga ruxsat berilganligi sababli, da’vo arizasining to‘liq tafsiloti ma’lum emas.
O‘tgan yil dekabrda ma’muriy sud ishini yuritish kodeksi va terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi federal qonunga kiritilgan o‘zgarish sudga murojaat qilish uchun huquqiy asos bo‘ldi.
2021 yil avgust oyida AQSh o‘z askarlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketish asnosida “Tolibon” mamlakatda hokimiyatni qo‘lga oldi. Harakat a’zolari tarixda ikkinchi marta Afg‘oniston Islom amirligi tuzilishini e’lon qildi. Shundan so‘ng shariat me’yorida ayollar huquqi va erkinligi ta’minlanishiga ham va’da berdi.
RF rasmiylari “Tolibon” bilan siyosiy aloqani davom ettirmoqda. O‘tgan yil yanvar oyida tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mamlakat “Tolibon” bilan munosabatda ekani, ammo ushbu harakat siyosiy majburiyatni to‘liq bajarmaguncha, guruh tomonidan tuzilgan hukumatni tan olmasligini bildirgan.
2023 yil “Tolibon” Qozog‘istondagi terror tuzilmalari ro‘yxatidan chiqarildi. O‘tgan yil sentyabr oyida Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi ham respublikada taqiqlangan tashkilotlar reestrini yangilab, hujjatdan tolibonlarni chiqarib tashlagan.