Turkiya 2025 yilda turizmdan 65 milliard dollar daromad olishni rejalashtirmoqda

Turkiya Sayyohlik Agentliklari Uyushmasi (TÜRSAB) boshqaruv kengashi raisi Firuz Bag‘likaya turizm sohasida bu yil 65 milliard dollar daromad olishni maqsad qilganliklarini aytdi.
Firuz Bag‘likaya, shuningdek, Turkiya turizm bo‘yicha dunyoning eng yaxshi davlatlari qatorida ekanligini va bu muvaffaqiyatning barqarorligini ta’minlash uchun tarmoq sifatida o‘z mas’uliyatini bajarishga tayyor ekanini ham qayd etdi.
“Bu yil Ramazon hayiti munosabati bilan mavsum biroz erta boshlanadigan ko‘rinadi. Bu davrda maktablarda ikkinchi semestr oraliq ta’tili ham boshlanadi. Bu ajoyib dam olish imkoniyatini beradi. Ichki turizmda faollik kuzatilmoqda. Tashqi turizm bilan bog‘liq ishlar aprel oyida boshlanadi. Demak, hozirda istiqboli past hech qanday bozor yo‘q. Odatdagi o‘sishlar hamma joyda davom etmoqda”, – dedi Bag‘likaya Turkiyada Ramazon bayrami munosabati bilan mavsum erta boshlanayotganini ta’kidlab.
Bağlikaya dunyo bo‘ylab sayyohlar soni va turizm daromadlarining ortishi Turkiyadagi ortish bilan bir xil bo‘lib, bu yo‘lda Turkiyaning xavfsiz turizm manzili sifatidagi qiyofasini saqlab qolish uchun harakat qilayotganliklarini bildirdi.
“2025 yilda rekordlarni yangilashda davom etamiz”
Turkiyaning turizmdagi asosiy bozorlari Germaniya, Rossiya va Angliyadir. Bu bozorlarda kuchli aloqalarni saqlab qolish va rivojlantirish uchun katta sa’y-harakatlar olib borilmoqda.
Firuz Bag‘likaya Markaziy Yevropa davlatlarining, ayniqsa, madaniy va tarixiy turizm nuqtai nazaridan muhim salohiyatga ega ekanligini va bu mintaqalardan sezilarli turist oqimi kutayotganini ta’kidladi va bu yilgi turizmdan kutilayotgan daromadga to‘xtaldi:
“Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi bu yilgi daromadni o‘tgan yilgi daromadga nisbatan10 foizga oshirishni maqsad qilgan. O‘tgan yilni 60 milliard dollar bilan yakunlagan edik, bu yil maqsadimiz 65 milliard dollarga yetish. Bu borada hech qanday mo‘’jiza kutmayapmiz, aksincha maqsadga erishish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Qolaversa, turistlar dengiz, qum va quyosh bilan qanoatlanmayapdi. Ular gastronomiya, madaniyat, e’tiqod va tibbiyot turizmi kabi turli sohalarda tajribaga ega bo‘lishni istashadi. TÜRSAB sifatida biz bu tendensiyalarni yaqindan kuzatib boramiz va Turkiyaning turizm xilma-xilligini oshirish uchun harakat qilamiz”.
“Biz har qanday mahsulot bilan raqobatlasha olamiz”
So‘nggi yillarda Turkiyaning gastronomiya salohiyatini ro‘yobga chiqarish yo‘lida muhim qadamlar tashlanmoqda. Bag‘likayaning fikriga ko‘ra, Mardin va Gaziantepda juda yaxshi va mahalliy mazali taomlar tayyorlanadigan oshxonalar bor. “Sayyohlar endi birgina maqsad bilan sayohat qilishmaydi. Albatta mahsulotni yoniga yana nimalarnidir qo‘shish kerak bo‘ladi. Bizda esa har qanday mahsulot bilan raqobatlasha oladigan mahsulot boyligimiz bor”, - dedi u.
Agentliklarning turizmda yetakchi roli borligini tilga olgan Bag‘likaya quyidagilarni ta’kidladi:
“Tibbiyot turizmi bilan sayyohlik agentliklaridan boshqa hech kim shug‘ullana olmaydi. Bizda gastronomiya turizmi uchun hamma joyda chiroyli restoranlar bor. Mehmonxonalar bor, lekin mijoz bo‘lmasa, nima foyda? Bu sarguzashtlarni boshidan kechirishni istaganlar bor, lekin uni mahsulotga aylantirmasak, u sotilmaydi. Turkiyaga kelayotgan sayyohlarning 85 foizi turlar, ya’ni sayohat agentliklari orqali keladi. Turizm mahsulotini olish uchun sayyohlik agentligi kerak. Turizm tarmog‘i sifatida bundan buyon ham yurtimiz ravnaqi va farovonligiga hissa qo‘shishda davom etamiz”.