Toshkentda Ruminiyaning “Mersishor” bayrami o‘tkazildi

Toshkentda Ruminiyaning “Mersishor” bayrami o‘tkazildi

Bugun poytaxtimizda Ruminiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan bahor fasli kirib kelishi munosabati bilan “Mersishor” deb nomlangan tantanali bayram tashkil etildi.

An’anaga ko‘ra, Yevropaning ushbu davlatida yangilanish, yasharish fasli kelishi bilan keng nishonlanadigan mazkur tadbir ma’naviy meros sifatida jahon miqyosida e’tirof etiladi.

Bahorning ilk kunida rumin ayollari va qizlari qizil va oq ikki ip bilan bog‘langan, qo‘lda yasalgan zargarlik buyumi ko‘rinishidagi kichik sovg‘alarni qabul qilishga odatlangan. Bunday bezak ayni bayram nomi bilan “Mersishor” deyiladi.

Bu gal ayyom munosabati bilan, elchixona tashabbusiga ko‘ra, Toshkent xalqaro maktabida rumin an’anasini namoyish etish maqsadida “Mersishor” tayyorlash san’ati o‘rgatilib, o‘ziga xos mahorat darsi tashkil etildi.

Favqulodda va muxtor elchi Daniel Kristian Chobanu ushbu bayram tarixan ramziy ma’noga egaligini eslatib, ayni jarayonda madaniyat sohasidagi hamkorlikka alohida urg‘u berilganini ta’kidladi. Shuningdek, mazkur shodiyona o‘zbek xalqi qarshi oladigan bahor bayrami – Navro‘z bilan juda ko‘p umumiy jihatlarga egaligini qayd etdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston – Ruminiya aloqalari barcha sohalarda muvaffaqiyatli rivojlanayotgani, hamkorlik rivoji uchun ulkan salohiyat ham mavjudligi xususida iliq fikrlar bildirildi.

“Mersishor” an’anasi 2017 yil UNESCO Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga “1 mart bilan bog‘liq madaniy amaliyot” nomi bilan kiritilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!