Toshkent shahar 3-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi faoliyati qayta tiklandi. Ishsiz qolgan shifokorlarga pul to‘landi

Toshkent shahar 3-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi faoliyati qayta tiklandi. Ishsiz qolgan shifokorlarga pul to‘landi

Internet  tarmog‘ida  Toshkent shahar 3-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlarining ushbu muassasa faoliyatini qayta tiklash va tegishli to‘lovlarni to‘lab berish bilan bog‘liq murojaati yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari mazkur shifoxonada bo‘lib, masalani o‘z joyida o‘rganishdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi B.Musayev ham bevosita ishtirok etdi va tibbiyot xodimlari bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘lib,  vaziyatga oydinlik kiritdi.

Ma’lumot uchun aytish kerakki, 3-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlari Zangiota tumanida 2 807 o‘rinlik yangi ochilgan yuqumli kasaliklar shifoxonasiga jalb qilinganligi munosabati bilan ushbu muassasa o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, 3-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasining 243 nafar tibbiyot xodimi bo‘lib, ular Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 6 iyuldagi 32-sonli bayoniga asosan Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga safarbar etilgan. Muassasa ishga tushgach, birinchi 14 kunlik navbatda ushbu shifoxonadan 63 nafar xodim (shifokor, o‘rta va kichik tibbiy xodimlar), 21 iyuldagi ikkinchi 14 kunlikka 16 nafar xodim ishga chaqirilgan. 5 avgustdagi uchinchi 14 kunlik navbatda ishlash istagida bo‘lgan 53 nafar xodim jalb qilingan.

O‘rganishlar davomida tibbiyot xodimlarining barcha talablari qondiriladigan bo‘ldi. Xususan, epidemik vaziyatning barqarorlashayotgani inobatga olinib, aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish maqsadida Toshkent shahar 3-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi faoliyati qayta tiklanib, xodimlar ish jarayoniga qaytarilishi belgilandi. Shunga ko‘ra, ushbu shifoxona ochilib, 15 avgustdan boshlab bemorlarni qabul qila boshladi.

Bundan tashqari, karantin sabab ish jarayonidan uzilib qolgan xodimlarga konun hujjatlarida ko‘rsatilgan tartibda asosiy lavozim maoshidan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi ham to‘liq to‘lab berildi. Qolaversa, Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasida ishlash istagini bildirgan xodimlarning murojaatlarini tegishli tartibda ko‘rib chiqish bo‘yicha kerakli topshiriqlar berildi.


Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!