Toshkent davlat texnika universiteti talabasi nega 5 yilga qamaldi? Rasmiy munosabat bildirildi

Toshkent davlat texnika universiteti talabasi nega 5 yilga qamaldi? Rasmiy munosabat bildirildi

2023 yil 30 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining ochiq sud majlisida Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismining “g” bandi ayblangan S. R. (2001 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan, Toshkent davlat texnika universiteti 4-kurs talabasi, muqaddam sudlanmagan) ga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, S. R. dinga bo‘lgan qiziqishlari zamirida o‘zi foydalangan telefon apparatining telegram ilovasidagi sahifasi orqali “VK music bot” orqali ko‘chirib olingan aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘irilgan, mujohid bo‘lish nasib qilgani, mujohid bo‘lish yarashishi, mujohid bo‘lib ularga ergashish kerakligi, tog‘utlarga qarshi kurashda shahid bo‘lish orzulari ekani haqidagi va boshqa mazmundagi audioqo‘shiq (nashida) ni tanishiga tarqatish maqsadida yuborib, internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib tarqatgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan berilgan 2022 yil 18 iyuldagi IP-1218-sonli xulosasiga ko‘ra, diniy mazmundagi S. R. tarqatgan diniy qo‘shiq (nashida) aqidaparastlik g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, bu kabi diniy materialni mamlakatimiz hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanganligi ko‘rsatilgan.

Sudlanuvchi sud majlisida dastlabki tergov jarayonida qiynoqqa solinganligi haqida ko‘rsatma bermagan va vajlar keltirmagan.

Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlik uchun qonunda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. S. R. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, modda sanksiyasida nazarda tutilgan jazodan ham kamroq jazo tayinlash uchun asoslar yetarli bo‘lmagan. U 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Sud jazo tayinlashda qonuniylik, insonparvarlik, odillik va javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga amal qiladi.

Davlat ayblovchisining muzokara nutqida qancha jazo muddati yoki qanday jazo turi so‘raganligi aybdor shaxsga jazo tayinlashda muhim omil hisoblanmaydi.

Birinchi instansiya sudining hukmi qonuniy kuchga kirmagan bo‘lib, ushbu hukmdan norozi bo‘lgan taqdirda apellyasiya shikoyati (protesti) qonunchilikda belgilangan tartib va muddatda berilishi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!