Maduro: Venesuelaga hujum qilinsa, qo‘lga qurol olamiz
Venesuela prezidenti Nikolas Maduro agar mamlakat hujumga uchrasa, qo‘lga qurol olinib, qurolli kurashga o‘tilishini ma’lum qildi. U bu haqda Karakasta harbiy qo‘mondonlar bilan uchrashuvda, AQSh prezidenti Donald Trampning “Venesuela samolyotlarini urib tushirishga tayyormiz” degan tahdidlariga javoban gapirdi.
“Biz hozir zo‘ravonliksiz kurash bosqichidmiz — siyosiy, axborot va institusional. Ammo Venesuelaga hujum qilinsa, biz qurolli kurashga o‘tamiz”, — dedi Maduro.
Davlat rahbari mamlakat safarbarlik holatida ekanini ta’kidlab, qo‘shimcha qildi:
“Biz tinchlikparvar xalqmiz, lekin bir vaqtning o‘zida jangchi xalqmiz. Hech kim bizga hujum qilib, bizni qul qilishi mumkin emas. Agar hujum bo‘lsa, xalqimiz milliy, mahalliy va mintaqaviy darajada qurolli va uyushgan tarzda javob qaytaradi”.
Shu bilan birga, Maduro Venesuela har doim muloqot va muzokaralar uchun ochiqligini qayd etdi. U AQShning Karib dengizidagi harakatlariga ishora qilib:
“Karib dengizi xalqimizga tegishli. Fitnalar, tahdidlar, intervensiyalar bu mintaqada qayta takrorlanmasligi kerak”, — dedi.
Prezident Bolivar milliy qurolli kuchlarining turli qurolli guruhlar va kolumbiyalik yollanma askarlar ustidan qo‘lga kiritgan g‘alabalarini eslab, venesuelaliklar har doim mamlakat sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishga tayyorligini urg‘uladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuelaning ikki qiruvchi samolyoti Amerika harbiy kemasi yaqinida parvoz qilganini aytib, “agar ular xavf tug‘dirsa, urib tushiriladi”, degan edi.
