Afrika CDC: maymunchechak epidemiyasi jamoat salomatligi uchun favqulodda holatga aylandi
Afrika Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (Afrika CDC) maymunchechak (mpox) virusini Afrika qit’asida sog‘liqni saqlash uchun favqulodda holat deb e’lon qildi.
Tashkilot bayonotida ta’kidlanishicha, Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha maslahat guruhi kontinental tashvish (PHECS) holatini saqlab qolishni tavsiya etgan.
Haftalik kasallanish soni taxminan 52 foizga kamaygan bo‘lsa-da, Gana, Liberiya, Keniya, Zambiya va Tanzaniyada o‘sish qayd etilgan. Shuningdek, Malavi, Efiopiya, Senegal, Togo, Gambiya va Mozambikda ham yangi holatlar aniqlangan.
“2 sentyabr kuni vaziyat ko‘rib chiqildi va favqulodda holat bekor qilinishi kerakmi-yo‘qligi muhokama qilindi. Guruh uni uzaytirish zarur degan xulosaga keldi. Chunki PHECSni muddatidan oldin bekor qilish o‘z-o‘zidan xotirjamlikka, moliyalashtirishning qisqarishiga va yangi holatlar ko‘payishiga olib kelishi mumkin”, — deyiladi bayonotda.
Ayniqsa, bolalar o‘limi holatlarini chuqur o‘rganish, xavfli mamlakatlarda 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun emlash imkoniyatlarini kengaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratilgan.
Guruh hisobotiga ko‘ra, 2024 yil boshidan beri Afrikaning 29 davlatida maymunchechak holatlari qayd etilgan. Jami 185 994 holat aniqlangan, shundan 51 969 tasi laboratoriyada tasdiqlangan. Kasallik tufayli vafot etganlar soni 1987 nafarga yetdi.
PHECS rejimi ilk bor 2024 yil 13 avgustda joriy etilgan.
